AsosiyJamiyat

«Dubai Expo 2020»: O`zbekiston olimlari ilmiy loyihalari taqdim etildi

'«Dubai Expo 2020»: O`zbekiston olimlari ilmiy loyihalari taqdim etildi'ning rasmi

Innovasion rivojlanish vazirligida Ilg`or texnologiyalar markazi xodimlari tomonidan «Dubai Expo 2020» O`zbekiston milliy pavilonida ko`rgazma ishtirokchilariga qator taqdimotlar o`tkazilmoqda. Ilg`or texnologiyalar markazi tomonidan hujayrali texnologiyalar, tibbiyotga regenerativ texnologiyalarni joriy etish, COVID-19 kasalligiga qarshi O`zbekiston olimlari tomonidan yaratilgan vaksinalar va dori vositalari, koronavirus pandemiyasi davrida aholi immunizasiyasi bo`yicha amalga oshirilgan ishlar taqdimoti ishtirokchilarda katta qiziqish uyg`otdi.

 

Mazkur loyihalardan biri inson kindik qoni o`zak hujayralarini tayyorlash va saqlashning to`liq texnologik jarayonlarini o`z ichiga oluvchi platformadir. Mazkur ilmiy loyiha doirasida suyak iligiga eng yaxshi muqobil sifatida kindik qonidan inson gematopoetik ildiz hujayralari namunalarini to`plash bo`yicha ishlar olib borilmoqda.

 

O`zbekiston olimlari tomonidan yaratilgan yangi  biotexnologik mahsulotlarlardan – teri va yumshoq to`qimalarning chuqur shikastlanishlarini, masalan, kuyishlarni davolash uchun terining bioekvivalenti uchun hujayra komponenti texnologiyasi, ichki organlar kasalliklarini davolash uchun kattalar qorin bo`shlig`idagi yog` hujayralari asosida biomedikal mahsulotlar ham ko`rgazmadan joy olgan bo`lib, ularning ham taqdimotlari bo`ldi. Ularni qo`llash istiqbollari, hamkorlik aloqalarini rivojlantirish yuzasidan uchrashuvlar o`tkazildi.

 

Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasiga qarshi Ilg`or texnologiyalar markazi tomonidan yaratilgan oqsil rekombinant va DNK vaksinalar, diagnostik test to`plamlari, Fanlar akademiyasi Genomika va bioinformatika markazi tomonidan yaratilgan iste`mol qilish mumkin bo`lgan pomidor vaksinasi, Xalqaro molekulyar allergologiya markazi tomonidan olingan antitana saqlovchi sut hamda Fanlar akademiyasi Bioorganik kimyo instituti tomonidan ishlab chiqilgan «Rutan» dori preparati ham namoyish etildi.

 

«Dubai Expo 2020» O`zbekiston milliy pavilonidagi Innovasion rivojlanish vazirligining ko`rgazmasi davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar