AsosiyJamiyat

Prezidenт ish o`rinlarini tashkil etish, bandlikni ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratdi

'Prezidenт ish o`rinlarini tashkil etish, bandlikni ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratdi'ning rasmi

Davlatimiz rahbari ish o`rinlarini tashkil etish, bandlikni ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Bunga faqat iqtisodiy ko`rsatkich sifatida emas, balki xalqimizning ijtimoiy himoyasi nuqtai-nazaridan qarash zarur va shart”, dedi Prezident.

Ayrim viloyat, tuman va shahar hokimlari tomonidan yangi ish o`rinlarini yaratish va bandlikni ta`minlash bo`yicha rejalar qoniqarsiz bajarilayotgani ko`rsatib o`tildi.

Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Farg`ona va Xorazmda yanvar-fevral oylaridagi bandlik dasturi ijrosi yillik rejaga nisbatan past.

Tuman va shaharlar kesimida Samarqand, Termiz, Nurafshon, Zarafshon shaharlari, Amudaryo, Qorovulbozor, Denov, Qiziriq, Shovot tumanlarida 2 oylik ko`rsatkichlar qolgan hududlardan ancha past.

Xizmatlar va hunarmandchilikda bandlikni ta`minlashda ham ko`plab tumanlarda ishlar qoniqarsiz.

Yarim yil yakuni bilan natija bo`lmasa, ushbu shahar va tuman hokimlari va sektor rahbarlari lavozimidan ozod etilishi ta`kidlandi.

Shu bilan birga, bugungi kunda 67 ta faoliyat turi o`zini o`zi band qilish shakliga o`tkazilgan. Prezident faoliyat turlarini yana 20 taga ko`paytirish va bu orqali qo`shimcha 150 ming aholi bandligi ta`minlash mumkinligini ko`rsatib o`tdi.

Viloyat hokimlari mehnat migrasiyasidan qaytgan fuqarolarni qurilishlarga jalb qilish, ularga zarur asbob-uskunalar olib berish uchun subsidiya ajratish hisobiga qo`shimcha 100 ming aholining rasmiy bandligini ta`minlashi kerakligi ta`kidlandi.

Bandlikni ta`minlash uchun yangi mexanizmlarni joriy etish bo`yicha qaror loyihasini kiritish topshirildi.

Dunyo bozorlaridagi holat, xom ashyo, yoqilg`i va oziq-ovqat mahsulotlari narxining o`sib borishi, qo`shni davlatlardan pul o`tkazmalarining kamayishi aholi daromadlariga ko`rsatishi mumkin bo`lgan ta`sirni hisobga olib va inflyasiya hisob-kitoblaridan kelib chiqib, ehtiyojmand aholini ijtimoiy qo`llab-quvvatlash ko`lamini yanada kengaytirish bo`yicha takliflar kiritish vazifasi qo`yildi.

Ayni paytda yig`ilishda ko`tarilgan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari eshitilmoqda.

    Boshqa yangiliklar