Osiyo infratuzilmaviy investisiya banki Buxoro-Miskin-Urganch-Xiva temir yo`lini elektrlashtirish uchun O`zbekistonga 108 million dollar kredit ajratadi. Bu haqda bank saytida ma`lum qilmoqda.
Qayd etilishicha, 465 kilometrlik temir yo`lni elektrlashtirish va Buxoro-Miskin-Urganch-Xiva yo`nalishida yuqori tezlikda harakatlanishni yo`lga qo`yish orqali O`zbekiston tez, ishonchli va tejamkor transport turini ta`minlay oladi. Mazkur yo`l O`zbekiston g`arbidagi Xorazm viloyatining chekka hududlarini respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlari bilan bog`laydi.
Loyiha tugallangach esa tezyurar poezdlarning 250 kilometr soat tezlikda harakatlanishiga imkon beradi. Bunda Buxoro va Xiva o`rtasidagi yo`l vaqti 3 soatgacha qisqaradi va poytaxtdan Xivaga 7 soatda etib borish mumkin bo`ladi.
Shu bilan birga, loyiha doirasida elektron chipta tizimining joriy etilishi temir yo`llardan foydalanishni soddalashtirishga va sayyohlarni hududga jalb etishga xizmat qiladi. Shuningdek, elektrlashtirish temir yo`lning ekologik toza transport turi sifatidagi rolini yanada oshirishi va atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlarini yiliga 81 ming tonnadan ortiq qisqarishiga olib keladi. Bu, o`z navbatida, O`zbekistonning kam uglerodli iqtisodiyotga o`tish jarayonini tezlashtiradi.






