AsosiyDunyo

JSST yangi tug`ilgan chaqaloqlar va ularning onalariga tibbiy xizmat ko`rsatish bo`yicha tavsiyalarni ishlab chiqdi

'JSST yangi tug`ilgan chaqaloqlar va ularning onalariga tibbiy xizmat ko`rsatish bo`yicha tavsiyalarni ishlab chiqdi'ning rasmi

SSV Matbuot xizmati bergan xabarga ko`ra, bugungi kunda dunyo bo`yicha tug`ilayotgan har o`n chaqaloqdan uch nafari malakali tibbiy xizmatdan chetda qolmoqda. O`z navbatida, bu muammodan ularning onalari ham jiddiy aziyat chekyapti. Oqibatda aholining ushbu qatlami orasida  o`lim ko`rsatkichlari oshib borayotir.

Shu bois Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tug`uruqdan keyingi dastlabki 6 haftada onalar va bolalar salomatligini ta`minlash bo`yicha 63 ta tavsiyani e`lon qildi.  

Quyida ulardan eng muhimlari keltirib o`tildi:  

  • tug`uruqdan keyingi 24 soat ichida yangi dunyoga kelgan chaqaloqlar va ularning onalariga shifoxonalarda yuqori sifatli tibbiy yordam ko`rsatilishi shart;

 

  •  dastlabki olti hafta davomida qo`shimcha ravishda kamida uch marta tug`uruqdan keyingi tekshiruv o`tkazilishi kerak;

 

  •  tug`uruqdan so`ng ona-bolada shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladigan xavf belgilari aniqlanishi va ularni bartaraf etish choralari ko`rilishi lozim;  

 

  •  tug`uruqdan keyin ayollarda eng ko`p uchraydigan muammolar, xususan, ko`krak qafasidagi og`riqlarni bartaraf etish va davolash bo`yicha tibbiy yordam ko`rsatilishi yoki zarur maslahatlar berilishi darkor;

 

  • barcha yangi dunyoga kelgan chaqaloqlar ko`rish va eshitish nuqsonlari bo`yicha skriningdan o`tkazilishi hamda tug`ilish vaqtida emlanishi shart;

 

  •  yangi tug`ilgan chaqaloqlarni sog`lom parvarishlash bo`yicha oilalarga yaqindan tibbiy-profilaktik yordam ko`rsatilishi lozim;

 

  •  ona suti bilan emizishning ahamiyati, go`dak salomatligini mustahkamlash hamda jismoniy faollik bo`yicha onalarga zarur ko`rsatma va tavsiyalar berilishi kerak;

 

  •  tug`uruqdan so`ng kechadigan depressiya holatlarini bartaraf etish uchun, ehtiyoj yuzaga kelsa, onalarni ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam va muolaja olishga yo`naltirish talab etiladi.

 

Shuningdek, JSSTning ko`rsatmalarida tug`uruqdan keyin shifoxonada qolishning minimal davomiyligi batafsil tavsiflangan.  

Masalan, tug`uruqdan keyin sog`ligidan shikoyati yo`q chaqaloqlar va ularning onalari odatda 48 dan 72 soatgacha shifoxonada olib qolinadi. Keyingi bosqich salomatlik ko`rsatkichlariga muvofiq, 7 kundan 14 kungacha va hatto olti haftagacha uzaytirilishi mumkin.  

️Biroq sog`ligida jiddiy xavf aniqlansa, ona va bola 6 haftadan so`ng davolanish uchun yo`naltirilishi zarur.  

 

    Boshqa yangiliklar