Prezident Shavkat Mirziyoev 1 aprel kuni yoshlar o`rtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 18 fevraldagi farmon va qaroriga binoan, Sportni rivojlantirish vazirligi tashkil etilgan edi. Uning eng muhim vazifalaridan biri bolalar va yoshlar o`rtasida sportni ommalashtirishdir.
Yig`ilishda shu yo`nalishdagi rejalar taqdimot qilindi.
Sportni rivojlantirish vazirligiga mahallalardagi yoshlar etakchilari bilan birga yil davomida 6 million nafar o`g`il-qizlarni ommaviy sport tadbirlariga qamrab olish vazifasi qo`yildi.
Buning uchun 10 apreldan boshlab, mahalla, tuman, viloyat va respublika bosqichlaridan iborat ommaviy sport tadbirlari o`tkaziladi. Ularni tashkil etish uchun “Yoshlar daftari” jamg`armasidan har bir viloyatga 100 million so`mgacha, g`olib va sovrindorlarni taqdirlash uchun 1 milliard so`mgacha mablag` ajratiladi. Eng yaxshi natija ko`rsatgan yoshlar tuman va shahar, viloyat hamda milliy terma jamoalar tarkibiga saralab olinadi.
Mahallalarda sport infratuzilmasini yaxshilash, loyihalar qiymatini maqbullashtirib, maydonchalar tashkil etish bo`yicha ko`rsatmalar berildi.
Ommaviy sport tadbirlarida yoshlarning ishtiroki bo`yicha mahallalar reytingini ishlab chiqish, “qoniqarsiz” deb topilgan joylarga taniqli murabbiy va sportchilarni biriktirib, sportni rivojlantirish zarurligi ta`kidlandi.
Olimpiya va paralimpiya o`yinlari, xalqaro musobaqalar g`oliblari bilan mahalla yoshlari o`rtasida motivasion uchrashuvlar o`tkazish muhimligi aytildi.
Shularni inobatga olgan holda, ommaviy sportni yanada rivojlantirish, joriy yil Xanchjouda o`tadigan Osiyo o`yinlariga puxta tayyorgarlik ko`rish, sport murabbiylari tayyorlash tizimini takomillashtirish bo`yicha qarorlar ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.
Ma`lumki, shu yil 14 mart kuni boks bo`yicha Bahodir Jalolov, gimnastika bo`yicha Oksana Chusovitina sport mahorati maktablarini tashkil etishga doir Prezident qarorlari qabul qilingan edi. Yig`ilishda shu borada amalga oshiriladigan ishlar ham taqdimot qilindi.






