Dam olish kunlari respublika hududining katta qismida iliq va quruq ob-havo bo`lishi kutilmoqda. Bu haqda O`zbekiston Gidrometeorologiya xizmati xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, mart oyining oxirgi kunlari O`zbekiston hududiga Erondan iliq havo kirib kelishi boshlandi, ushbu holat aprel oyining birinchi haftasida ham davom etadi.
Respublika hududining katta qismida ushbu kunlarda asosan kam bulutli va quruq ob-havo bo`lishi kutilmoqda.
Faqat Toshkent, Samarqand, Jizzax viloyatlarida, shuningdek, respublikaning tog` oldi va tog`li hududlarida 2 aprel shanba kuni havo bulutli bo`ladi, kunning ikkinchi yarmida ba`zi joylarda qisqa muddatli yomg`ir yog`ishi, momaqalidroq bo`lishi mumkin.






