Joylarda noqonuniy holatlar aniqlandi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jumladan, Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog`iston Respublikasi bo`yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o`tkazilgan tekshiruvlar davomida, Amudaryo tumani xalq ta`limi bo`limi hamda qurilish-ta`mirlash ishlari bilan shug`ullanuvchi 2 ta MChJ mansabdor shaxslari o`zaro til biriktirib, tumandagi umumiy o`rta ta`lim maktablaridan birining o`quv binolarini ta`mirlash uchun ajratilgan jami 1 mlrd. 235 mln. so`m pul mablag`ining 177,6 mln. so`mini hisob-fakturalarga soxta ma`lumotlar va yozuvlar kiritish orqali noqonuniy o`zlashtirganliklari aniqlandi.
Shuningdek, Amudaryo tumanidagi umumiy o`rta ta`lim maktablaridan birining o`qituvchisi o`z hamkasbining ishonchiga kirib, tanishlari orqali uni malaka toifasi olish bo`yicha attestasiyadan o`tkazib berish evaziga 600 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi umumiy o`rta ta`lim maktablaridan birining direktori esa fuqaroni o`qituvchi lavozimiga ishga qabul qilish evaziga 400 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan Toshkent shahrida o`tkazilgan tezkor tadbirda esa 1999 y.t. shaxs
2 nafar fuqaroni poytaxtdagi nodavlat oliy ta`lim muassasalaridan biriga o`qishga kiritib qo`yish evaziga 24 mln. so`m olgan vaqtida ushlandi.
Sirdaryo viloyati Guliston shahrida yashovchi, 1992 y.t., muqaddam firibgarlik bilan bog`liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxs 1991 y.t. fuqaroni hokimiyat idoralarida ishlovchi tanishlari orqali “Ayollar daftari” ro`yxatiga kiritib, yangi qurilayotgan ko`p qavatli uylardan 3 xonali xonadon sotib olishi uchun subsidiya olishida yordam berish evaziga 400 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






