Bugun dorixonalardan bir turdagi preparatning hatto o`nlab nomdagi muqobillarini topishingiz mumkin. Bu, albatta, quvonarli holat. Ammo farmasevtika bozorining rivojlanishi dori allergiyasi bilan bog`liq xastaliklar avj olishiga turtki bo`layotgani ham sir emas.
Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar qilishicha, masalan, o`tgan asrning 40-yillariga qadar dori-darmonlar bilan davolash asoratlari dunyo bo`yicha bor-yo`g`i 0,5-1,5 foiz bemorlarda kuzatilgan bo`lsa, hozirga kelib bu ko`rsatkich 15-30 foizga etgan.
— Allergiya qo`zg`atuvchi preparatlar reytingida antibiotiklar etakchilik qiladi, — deydi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — β-laktamlar guruhiga mansub penisillin, amoksisillin, sefazolin, sefotaksim kabi antibakterial vositalar hamda sulfanilamidlar tarkibiga kiruvchi sulfadiazin, sulfadoksin singari preparatlar shular jumlasidan.
Ikkinchi o`rinda steroid bo`lmagan yallig`lanishga qarshi dorilarni keltirish mumkin. Deyarli barcha og`riq qoldiruvchi va antipiretik vositalar shu guruhga kiradi.
Qolaversa, mahalliy anestetiklar — novokain, lidokain va boshqalar ko`pincha allergiyani keltirib chiqaradi. Tarkibida yod moddasi mavjud dorilar ham keng tarqalgan allergenlar hisoblanadi.
Shifokorning ta`kidlashicha, dori allergiyasi odatda to`satdan boshlanadi va inson hayoti hamda salomatligiga jiddiy xavf tug`dirishi mumkin. Anafilaktik shok, toksikoallergiya, Layella va Stivens-Djonson sindromini bunga misol qilib keltirish mumkin.
Ko`pincha dori allergiyasi alomatlari toshmalar, eshakemi, angionevrotik shish bilan namoyon bo`ladi. Bir turdagi preparatning takroriy qabul qilinishi dermatitga ham sabab bo`lishi mumkin. Shu bilan birga, ayrim hollarda tana harorati ko`tarilishi kuzatiladi.
Dorilarga allergiya ularni takroriy qabul qilish tufayli rivojlanadi. Masalan, bir vaqtning o`zida mikroblarga qarshi bir necha preparatlarni ichish xastalikni kuchaytirib yuborishi ehtimoli mavjud.
Shu o`rinda allergiya nafaqat dorilar, balki ularga qo`shiladigan turli bo`yoq va aromatizatorlarga nisbatan ham paydo bo`lishini unutmaslik lozim.
Dorilarga allergiya nafas yo`llari kasalliklarini ham keltirib chiqarishi mumkin. Hatto u qon tarkibida leykositlar soni kamayishi, kamqonlikka sabab bo`lishi xavfi mavjud. Ba`zida buyrak, yurak, qon tomirlari va taloq shikastlanishi ham dori allergiyasi oqibatida sodir bo`ladi. Shunday ekan, dorilarni, albatta, shifokor tavsiyasi bilan iste`mol qilish zarur.