AsosiySport

Antaliyada bo`lib o`tgan «Katta Dubulg`a» turnirida O`zbekiston vakillari 5ta medalni qo`lga kiritdi

'Antaliyada bo`lib o`tgan «Katta Dubulg`a» turnirida O`zbekiston vakillari 5ta medalni qo`lga kiritdi'ning rasmi

Xalqaro dzyudo federasiyasi (IJF) taqvimidan joy olgan Antaliya «Katta Dubulg`a» turniri ham o`z yakuniga etdi. Bu haqda Sportni rivojlantirish vazirligi ma`lum qildi.

4 qit`adagi 63 ta davlatdan jami 525 nafar (312 erkak, 213 ayol) dzyudochi 3 kun davomida 14 ta vazn toifasida musobaqa medallari hamda qimmatli reyting ochkolari uchun bahs olib borishdi. Ular orasida O`zbekiston terma jamoasining 17 nafar dzyudochisi ham murosasiz kechgan bellashuvlarda g`oliblik uchun tatamiga chiqdi.

Musobaqa yakunida 2ta kumush va 3ta bronza medalini qo`lga kiritgan jamoamiz 63ta davlat orasida 13-o`rinni egalladi. Agar sportchilarimiz ana shu medallarning yoniga hech bo`lmaganda bitta oltin qo`shib qo`yishganida O`zbekiston terma jamoasi Antaliya «Katta Dubulg`a»sida umumjamoa hisobida kuchli beshlikdan joy olishi muqarrar edi.

Quyida Antaliya «Katta Dubulg`a» turnirida sovrindor bo`lgan sportchilarimiz bilan tanishing:

Kumush medal:

  • -52 kg: Diyora Keldiyorova,
  • +100 kg: Alisher Yusupov,

Bronza medal:

  • -60 kg: Dilshodbek Baratov,
  • -66 kg: Sardor Nurillaev,
  • -81 kg: Sharofiddin Boltaboev.

Musobaqada Gruziya terma jamoasi 2tadan oltin va kumush medal bilan umumjamoa hisobida 1-o`rinni egalladi. Fransiya terma jamoasi esa 2ta oltin va 1ta kumush medal bilan ikkinchi bo`ldi. Kuchli uchlikka Braziliya bittadan oltin va kumush hamda 4ta bronza medali bilan yakun yasab berdi. Antaliya tatamilarida 23 davlat terma jamoalari kamida bitta medal qo`lga kiritishdi.

Taqqoslash uchun, O`zbekiston terma jamoasi o`tgan yilgi Antaliya «Katta Dubulg`a» turnirida bitta oltin medalni qo`lga kiritgan edi. O`shanda Diyora Keldiyorova o`z vazn toifasida chempionlik shohsupasiga ko`tarilgan.

    Boshqa yangiliklar