Aktyorlik kasbiga dog` tushirmagan aktrisa Maryam Ixtiyorovani birga xotirlaymiz

Madaniyat 05.04.2022, 08:44
Aktyorlik kasbiga dog` tushirmagan aktrisa Maryam Ixtiyorovani birga xotirlaymiz

O`zbek san`ati yana bir judolikka uchradi. O`zbekiston xalq artisti, “Shuhrat” medali sohibi Maryam Ixtiyorova 22 mart kuni 83 yoshida vafot etdi. Uzoq yillar davomida Muqimiy nomidagi musiqali drama teatrida ijod qilgan xalqimizning sevimli san`atkori komik va dramatik rollar ustasi edi. Uning ijodidan o`rin olgan ijobiy va salbiy qahramonlar bir-biriga o`xshamasdi. Shuningdek, aktrisa ko`p yillar “O`zbekiston” radiosining “Tabassum” radiojurnalida ham samarali ijod qildi. U ijro qilgan hajviy qahramonlar xalqning dilidan mustahkam o`rin egallagandi.

“QIZIM MENDAN KEYIN YoLG`IZLANIB QOLADI...”

Malika ­QAYuMOVA, ­O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist:

— San`at ins­titutini endigina bitirib “Yoshlar” teatriga qadam qo`yganimda O`zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov ustozlik qilib sahna sirlarini o`rgatgan bo`lsalar, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatriga ishga o`tganimdan so`ng Maryam Ixtiyorovadek iqtidorli aktrisaga shogird bo`ldim. Men bu ikki insondan to umrimning oxirigacha minnatdorman. Maryam opa ijro etgan hamma rollariga dublyor edim. O`zlaridan “Rolingizga kim dublyor bo`lsin?” deb so`rashsa, “Malika o`ynasin” derdilar.

Maryam opaning 80 yillik yubileylari nimadir sabab bilan qoldirilgandi. Shunga qizg`in tayyorgarlik ishlari ketayotgandi. Oxirgi marta teatrda ko`rishganimizda ancha o`zlarini oldirib qo`yganlari sezilgandi. “Negadir holim yo`q, Malika...” degandilar. Kichik o`g`illari vafot etgan, katta o`g`illarining ham salomatligi yaxshi emasdi, shunga “Xumora qizim mendan keyin yolg`izlanib qoladi...” deb tashvish qilardilar. Bunga javoban “Meniyam Nigora qizim yolg`iz, ikkalasi opa-singil tutinishadi. Xudo xohlasa, bir-birlarini qo`llashadi, xavotir olmang” degan gapimdan ko`ngillari ko`tarilgandi. “Shunaqa bo`lsin, yolg`izlatib qo`ymanglar...”, deya qayta-qayta aytgandilar. Ko`ngillari sezganday, quyuq xayrlashgandik, rozi-rizolik so`rashga ham ulgurgandik. Ilohim, joylari jannatlarda bo`lsin.

“XABARNI EShITIB, TEATR JAMOASI BIR QALQIB TUShDI”

Bahodir NAZAROV, rejissyor, “Mehnat shuhrati”, “Yoshlar murab­biysi” ordenlari sohibi:

— O`zbekiston xalq artisti Maryam Ixtiyorova bilan ko`plab spektakllarda birga ishladik. Ulardan biri, hamma tomoshabinlar juda yaxshi biladigan “Jaydari kelin”dagi qaynona roli san`atkorning tashrif qog`oziga aylandi. Ularni “Jaydari kelin”dagi qaynona” deb chaqirishganiga ko`p guvoh bo`lganman. Dramaturg Nurilla Abbosxonning “Oy onam, qaynonam” spektaklidagi ona roli bilan esa bola-chaqa tashvishi uchun kerak bo`lsa, o`zidan ham  kechadigan onaning yorqin timsolini yaratib bera oldilar. Bu spektaklni Maryam opaning 70 yillik yubileylariga bag`ishlab sahnaga qo`ygandik. Tomoshabinlar bilan ko`p uchrashuvlar o`tkazilgandi. Birinchisi kuchli ziddiyatlar qurshovidagi mushfiq ona, ikkinchisi esa hozirgi kunning qaynonasi. Aktrisaning bu ikki qahramoni ham mukammal darajada to`laqonli obraz darajasiga ko`tarilgani bois ham teatr muxlislari qalbidan joy olishga muvaffaq bo`ldi.

Jamoamiz a`zolari Maryam Ixtiyorovani ustoz deb hurmat qilishardi. Samimiy inson edilar, ko`nglidagi gaplarni aytib dardlashishni yaxshi ko`rardilar. Sahna ortidagi uzoq-uzoq suhbatlarimiz yuragimda qoldi. Boshlaridan ko`p yaxshi va sinovli kunlarni o`tkazdilar. Lekin ularning hammasini matonat bilan engishning uddasidan chiqdilar.

Musiqali drama teatri aktrisasi sifatida bosib o`tgan ijodiy yo`llari yoshlarga ibrat bo`lsa, arziydi. Vafotlari haqidagi xabarni eshitgan teatr jamoasi bir qalqib tushdi. Chunki Maryam Ixtiyorova teatrimizning katta ustunlaridan biri edi. Joylari jannatlarda bo`lsin.

“45 YIL BIRGA IJOD QILDIK...”

Boir ­XOLMIRZAEV, O`zbekis­tonda xizmat ko`rsatgan artist:

— Ustozim ­Maryam Ixtiyorova haqida juda ko`p gapirishim mumkin.  U hayotini teatr san`atiga tikkan, kuyib-yonib, sog`ligini ham ayamay qilgan mehnati evaziga tomoshabinlar qalbidan joy olgan aktrisa edi. Rollarni o`ziga xos mahorat bilan ijro qilardi va shunisi bilan ajralib turardi. Teatrda salkam 45 yil birga ijod qildik. Men bu insonni o`z kasbini benihoya sevgan va aktyorlik kasbiga dog` tushirmagan aktrisa deb bilaman.

O`qimishli ijodkor edilar, kattami-kichikmi har bir rolga kirishishdan avval puxta tayyorgarlik ko`rardilar. Teatrgami yoki biror davragami kirib kelishlaridayam o`ziga yarasha salobat bor edi. Har bir davrada — uchrashuv bo`ladimi, konsert bo`ladimi, muxlislar, tomoshabinlar davrasi bo`ladimi aytishga so`z topa oladigan, hammani o`ziga qarata oladigan darajadagi kuchli, istarali va chiroyli gapiradigan inson edi. Aytgan har bir so`zlarining tagida katta ma`no yotardi. Suhbatlarini maroq bilan eshitardik. Biror filmmi yoki dublyajmi, hatto ijro etgan kichkina rolimni ham erinmay, sinchkovlik bilan tahlil qilib motivasiya berardilar. Men birga ishlaganimda e`tibor va ehtiyotkorlik bilan harakat qilardim. Chunki ular bilan partnyor bo`lish hammaga ham nasib etavermagan baxt edi. Ijro etayotgan rolingni Maryam opaning darajasiga etkazib ijro qilish hammagayam emasdi. Ular bilan birga radio, televidenieda ham ko`p ishlar qildik. Men Maryam opaga “Yuragi fildek katta o`zbek ayoli obrazini yarata olgan aktrisa”, deb ta`rif bergan bo`lardim. Bu yo`qotish nafaqat biz shogirdlari, hamkasblari, balki o`zbek teatr san`ati uchun katta judolik ekanligini alohida ta`kidlab aytishimiz kerak.

“TEATRGA QIMTINIB KIRIB KELGANIMDA MENI QO`LLAB- QUVVATLAGAN”

Munojat ­ALIMBOEVA, ­aktrisa:

— O`zbekiston xalq artisti Maryam Ixtiyorova teatrga qisinib-qimtinib kirib kelgan payt­larim meni qo`llab-quvvatlagan. Tomoshabinlarga “Jaydari kelin” spektaklidagi kelin roli bilan tanilgan bo`lsam, bungayam ustozim sababchi bo`lgan. U rol aslida meniki emasdi. Bu rolni teatrning oldi aktrisalari Zulayho Boyxonova, Norposhsha Hasanovalar o`ynashlari kerak edi. Uni ijro eta olishimni hatto xayolimgayam keltirmaganman. Asarni “chitka” qilayotgan paytimizda kuzatib o`tirgan Maryam opam “Shu rol senda juda zo`r chiqadi. Yaxshilab harakat qilsang, bo`ldi...” deb dalda berib, o`zimga nisbatan ishonch uyg`otganlar. U kishining shu gaplari bilan ishlab-ishlab rolni o`zimniki qilib olganman. Hozir shu rolim mening tashrif qog`ozimga aylangan. Qaerga borsam, shu rolimni eslashadi, bir parcha o`ynab berishimni so`rashadi, maqtashadi, yaxshi ko`rishadi. Bunday e`tiborga Maryam opaning ishonchlari tufayli erishganman.

Yosh aktyorlar orasida menga mehrlari boshqacha edimi, xalq artistlarining grimxonasidan foydalanishga faqat menga ruxsat bergandilar. Teatrga doim spektakl boshlanishidan ikki soat avval kelardilar, dildan gaplashib o`tirardik. Optimistliklariga havasim kelardi. Nimadandir xafa bo`lib gapirsam, “Hech siqilma! Boshingni mag`rur ko`tar! Men bunaqa vaziyatlardan o`ynab-kulib chiqib ketardim”, derdilar.

Kuchli inson edilar, birovdan ranjib, xafa bo`lib yurmasdilar. Atrofdagi hamma narsaga pozitiv qarardilar. Har qanday vaziyatda ham nolimasdilar, hech kimni ayblamasdilar. “Mana shu xislatlaringiz menda ham bo`lishini xohlayman”, derdim doim. Chiroylariga qarab to`ymasdim, “Maryam opa, yoshingiz katta bo`lsa ham, shunaqa chiroylisiz. Men ham shu yoshda shunaqa bo`larmikanman?” desam, “Bo`lasan, albatta!” derdilar-da, xandon otib kulardilar. Ta`ziyalariga bordim, hamma chin yurakdan yig`layapti. Yig`ilgan qarindoshlardan ko`ra shogirdlar ko`pligi bizga bergan mehrlarining natijasi, deb o`yladim. Hammamizning qalbimizda, ko`zimizda yosh...

Tuhfa NAZAROVA tayyorladi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1