1

Dollar bozorida eng ko`p zarar ko`rgan Markaziy Osiyo davlatlari

Iqtisodiyot 07.04.2022, 14:09
Dollar bozorida eng ko`p zarar ko`rgan Markaziy Osiyo davlatlari

Rossiya va Ukraina o`rtasidagi qurolli to`qnashuv boshlanishi (2022 yil 24 fevral) ortidan Rossiyaga boshqa davlatlar tomonidan qo`llanilgan sanksiyalar sababli AQSh dollarining rublga nisbatan qiymati odatdagidan qariyb 2 baravarga qimmatlashib ketgan edi. Ayni kunlarda esa rubl dollarga nisbatan mustahkamlanmoqda. Joriy yilning 7 mart kuni 1 AQSh dollari 142,67 rublgacha ko`tarilib, rekord natija qayd etdi. 31 mart kuni esa 1 AQSh dollari 83,50 rublga baholandi (58 foizga tushish) va bu miqdor bir oy oldingi qiymatga deyarli yaqinlashib qoldi. (Bugun 7 aprel kuni esa “Mosbirja”da dollar kursi 75 rubldan ham tushib ketdi.) Bunday nobaqarorlik Markaziy Osiyo davlatlariga ham o`z ta`sirini o`tkazmasdan qolmadi. Markaziy Osiyo davlatlari valyuta bozori mart oyida qanday o`zgarishlarni boshdan kechirdi? Tahlillar natijasida valyuta berqarorligi bo`yicha tuzilgan antireytingni e`tiboringizga havola etamiz.

QIRG`IZISTON SOMI

Qo`shni Qirg`iziston Markaziy Osiyoda valyuta bilan bog`liq munosabatlarda eng ko`p jabr ko`rgan davlatlardan biri bo`ldi. Qirg`iziston somini kuzatsak, mart oyi boshi va oxirida bir-biriga yaqin qiymatlarni ko`rganimiz bilan (1 mart 1 AQSh dollari 94,03 som bo`lgan bo`lsa, 31 mart sanasida 95,42 som bo`ldi) 21 mart sanasida dollar eng yuqori qiymat – 102,89 somni tashkil etdi. Qirg`izistonda 1 AQSh dollarining o`rtacha miqdori mart oyigacha odatiy 84-85 som bo`lganini hisobga olsak, dollar fevral-mart oylarida 18 som (21-22 foiz) atrofida qimmatlagan. 21 mart-31 mart oralig`ida esa qirg`iz somi 7 foizga mustahkamlangan.  

QOZOG`ISTON TENGESI

Qozog`iston Respublikasida mart oyi oxiriga kelib, qozoq tengesining «qadri» tiklanib bordi. 1 mart kuni 1 AQSh dollari 489,47 tengeni tashkil qilgan bo`lsa, bu qiymat 13 martga kelib eng yuqori daraja, ya`ni 524,91 tengegacha etdi. Qozog`istonda 1 dollar odatda, aniqrog`i, 24 fevralga qadar o`rtacha 427-435 tenge oralig`ida baholangan. Bundan xulosa qilish mumkinki, qo`shni mamlakatda AQSh valyutasi 20-22 foizgacha qimmatlagan, 31 martga kelib 465,14 tenge yoki 12 foizgacha arzonlagan.

TOJIKISTON SOMONIYSI

10 mart sanasiga qadar 1 AQSh dollari o`rtacha 11,3 somoniyni tashkil etib kelgan. Valyuta bilan bog`liq keskin o`zgarishlar natijasida 11 mart kuni 1 AQSh dollari birdan 13,03 somoniyga yohud 15,3 foizgacha qimmatlagan. 31 mart kuni esa 1 AQSh dollari 12,97 somoniyni tashkil etib, 0,5 foizga arzonlagan.

O`ZBEKISTON SO`MI

24 fevraldan buyog`iga bir AQSh dollari 10850-10900 so`m oralig`ida “o`ynab” turgan bir paytda 11 mart kuni bir dollar 11 ming so`mlik dovonni “zabt etdi”. 26 mart kuni dollar o`zbek so`miga nisbatan eng yuqori marraga chiqib, 1 AQSh dollari 11544,74 so`mga teng bo`ldi. Buni foizga chaqsak, dollar odatdagidan 6-6,5 foizga qimmatladi. Shundan so`ng qo`shni davlatlar qatorida milliy valyutamiz ham mustahkamlana bordi. Mart oyining oxiriga qarab dollar arzonlashdi va 31 mart kuni 11465,17 so`mni tashkil etdi yoki 0,7 foizga arzonlashdi.

TURKMANISTON MANATI

Markaziy Osiyoda valyuta bozoridagi eng mo``tadili Turkmaniston manati bo`lib turibdi. Bir oylik tahlilni olsak, 1 mart kuni 1 AQSh dollari 3,51 manatga teng bo`lgan. Bu miqdor 22 fevralga kelibgina 3,50 manatni tashkil qilgan, ya`ni dollar manatga nisbatan 0,3 foizgagina qadrsizlangan. Shundan so`ng, 31 martga qadar faqat shu qiymat – 0,3 foiz o`sish va kamayish bilan manat mo``tadilligini saqlab turibdi.   

ANTIREYTING: MART OYIDA VALYuTALARNING DOLLARGA NISBATAN O`ZGARIShI:

  1. Qirg`iziston somi – 21-22 foizgacha qadrsizlanib, 7 foizgacha mustahkamlangan;
  2. Qozog`iston tengesi – 20-22 foizgacha qadrsizlanib, 12 foizgacha mustahkamlangan;
  3. Tojikiston somoniysi – 15,3 foizgacha qadrsizlanib, 0,5 foizgacha mustahkamlangan;
  4. O`zbekiston so`mi – 6-6,5 foizgacha qadrsizlanib, 0,7 foizgacha mustahkamlangan;
  5. Turkmaniston manati – deyarli o`zgarmagan.

 

Sardorbek USMONIY

“Darakchi” gazetasi, 7 aprel, 14-soni.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1