Qat`iy karantin cheklovlari tufayli ma`lum muddat “omikron”dan ihotalanishga muvaffaq bo`lgan Xitoy davlatida, mana, bir oydirki, kasallanish ko`rsatkichlari kun sayin oshmoqda. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, kecha mamlakatda pandemiya davridagi antirekord qayd etilib, 27 ming 500 nafardan ziyod bemorda koronavirus infeksiyasi aniqlandi. Bu bir hafta ichida o`sish dinamikasi ikki baravar yuqorilaganini anglatadi.
Yakshanba kuni kasallikka chalinganlar orasida isitma, yo`tal va darmonsizlik kabi belgilar bor-yo`g`i 1184 kishida kuzatilgan, xolos. Qolgan 26 ming 411 nafar bemorda esa xastalik simptomlarsiz kechayotgani ma`lum bo`lgan.
Shunga qaramay, ayni paytda mamlakatda davolanayotganlar soni 242 ming nafardan oshadi. Bu — bir hafta avvalgiga nisbatan 2,2 barobar ko`p ko`rsatkichdir.
Eng murakkab epidemiologik vaziyat Shanxayda kuzatilmoqda. 26 million aholiga ega shaharda deyarli ikki haftadan buyon “lokdaun” joriy qilingan. Biroq bu erda so`nggi paytlarda kasallanganlarning 80 foizi hali sog`aygani yo`q.






