Kecha Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining COVID-19 bo`yicha favqulodda vaziyatlar qo`mitasi yig`ilish o`tkazildi. u haqda Sog`liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Unda aksariyat mintaqalarda koronavirusni yuqtirish, qolaversa, o`lim ko`rsatkichlari sezilarli darajada pasayib borayotgan bir sharoitda ayrim mamlakatlarda buning aksi kuzatilayotganligi ta`kidlangan.
Keltirilishicha, o`tgan haftada koronavirus tufayli dunyoda qayd etilgan o`limlar soni ikki yil ichidagi eng past ko`rsatkichga teng bo`lgan. Ammo bu pandemiya tugashini anglatmaydi.
“Kasallikning yuqish sur`ati yuqori, emlash darajasi esa aksariyat mamlakatlarda juda pastligicha qolmoqda, — deydi JSST rahbari Tedros Gebreyesus. — Karantin bilan bog`liq cheklovlarning yumshatilishi infeksiyalar keng tarqalishi va yangi shtammlar paydo bo`lishi xavfini oshiradi. Shunday ekan, pandemiya tugashiga hali erta”.
Shuningdek, T. Gebreyesus pandemiyaning hozirgi bosqichida uch omil “o`ta muhim”ligini ta`kidladi. Birinchi faktor sifatida aholining karantin bilan bog`liq ijtimoiy cheklovlardan bezib qolgani keltirildi.
Ikkinchi omil — ilk bosqichda emlangan yoki xastalikni boshdan kechirganlarda hosil bo`ladigan immunitet qancha davom etishi noma`lumligicha qolayotgani.
“Va nihoyat, uchinchi omil — biz virus qanday rivojlanishini bashorat qila olmaymiz”, — dedi Gebreyesus.
JSST rahbarining asosiy tashvishi dunyo bo`ylab emlanmagan tibbiyot xodimlari va boshqa xavf guruhiga mansub aholi qatlami ko`pligidir.
Uning eslatishicha, yuqori daromadli mamlakatlar fuqarolari allaqachon to`rtinchi dozada emlana boshlagan. Ammo dunyo aholisining uchdan bir qismi hali vaksinaning birinchi dozasini ham olmagan. Afrikada yashovchilarning esa 83 foizi umuman emlanmagan.






