AsosiyJamiyat

O`zbekistonliklar uchun “Salom, Yaponiya” loyihasiga start berildi

'O`zbekistonliklar uchun “Salom, Yaponiya” loyihasiga start berildi'ning rasmi

O`zbekistonning Yaponiyadagi elchixonasi, Yaponiyadagi O`zbekiston yoshlar assosiasiyasi va “Vatandoshlar” jamoat fondi hamkorligida Yaponiyaga tashrif buyurayotgan va ushbu davlatda yashab kelayotgan vatandoshlarga keng qamrovli ko`mak berish maqsadida “Salom, Yaponiya” nomli loyihaga start berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirning birinchi soni onlayn-seminar shaklida o`tkazilib, unda O`zbekiston va Yaponiyada mehnat qilayotgan hamda oliy o`quv yurtlarida tahsil olayotgan 60 nafarga yaqin vatandosh ishtirok etdi.

Yaponiyadagi O`zbekiston yoshlar assosiasiyasi raisi Jo`rabek Hasanov loyihaning mazmun-mohiyati va maqsadi haqida batafsil ma`lumot berdi.

O`zbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxo`ja Abdurahmonov seminar ishtirokchilari e`tiborini respublikamizning yoshlarga oid davlat siyosati, vatandoshlar bilan ishlash yo`nalishida olib borilayotgan siyosat, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga qaratilgan sa`y-harakatlarga qaratdi.

Jumladan, fuqarolarimizning xorijda huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan migrantlarimiz va talabalarimizga konsullik-huquqiy ko`mak berish, og`ir ahvolga tushib qolgan vatandoshlarimizga ham har tomonlama yordam ko`rsatish va ushbu yo`nalishda yapon hamkor vazirlik, idora, tashkilot, universitet, ish beruvchi kompaniyalar, vatandoshlar uyushmalari bilan amaliy ishlar olib borilayotgani ma`lum qilindi.

Shu bilan birga, Yaponiyada istiqomat qilayotgan fuqarolarimiz o`rtasida immigrasiya va viza qonunchiligini buzish holatlari mavjudligi ma`lum qilindi. Ushbu holatlar fuqarolarimiz manfaatlari va davlatimiz obro`siga salbiy ta`sir qilishi sababli mahalliy qonunlarga qat`iy rioya qilish tavsiya etildi.

Seminar doirasida Yaponiyada o`qiyotgan va mehnat qilayotgan vatandoshlarimiz “Yapon tilini o`rganish sir-sinoatlari”, “Bola tarbiyasining muhim jihatlari”, “Qo`shimcha ish qidirish”, “Texnik stajyor” maqomida mehnat faoliyatini olib borish” va “Yo`l harakati qoidalari” mavzularida taqdimotlar namoyish qilishdi.

Muloqot chog`ida ishtirokchilar tomonidan ko`tarilgan masalalarga  atroflicha javob berildi va murojaatlar asosida keyingi seminarlarni tashkil qilishga kelishib olindi.

    Boshqa yangiliklar