Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryoda maktab o`quvchisi qarindoshlari bilan o`qituvchi va direktor o`rinbosarini kaltaklagani aytildi.
Holat yuzasidan darakchi.uz ga Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati ma`lumot taqdim etdi.
Unga ko`ra, boshqarma mas`ul xodimlari tomonidan holat o`rganilgan. O`rganishlardan ma`lum bo`lishicha, bugun 8 aprel kuni Guliston shahridagi 5-umumta`lim maktabi yuqori sinf o`quvchisi U.A.ning darsga kechikib kelishi natijasida, o`qituvchi N.G` bilan o`zaro kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Holatdan habar topgan o`quvchi U.Aning oila a`zolari maktab binosiga kelib, maktab ma`muriyati bilan janjallashgan.
Natijada esa o`quv ishlari bo`yicha direktor o`rinbosari M.Yu hushini yo`qotgan va Guliston shahar shoshilinch tez-tibbiy yordam markaziga joylashtirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan dastlabki tergov surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Xabar berilishicha, Guliston shahar hokimi tomonidan maktablarda ijtimoiy-ma`naviy muhitni sog`lomlashtirish hamda voyaga etmagan o`quvchilar o`rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish bo`yicha yig`ilish o`tkazilgan. Unda shahar xalq ta`limi bo`limi mudiriga har bir umumta`lim maktablari pedagog jamoasi bilan uchrashuvlar tashkil etish bo`yicha reja-jadval ishlab chiqish vazifasi topshirilgan.






