AsosiyJamiyat

Bozordagi go`shtlar sifatiga ishonsa bo`ladimi?

'Bozordagi go`shtlar sifatiga ishonsa bo`ladimi?'ning rasmi

Talab darajasidagi go`sht mahsulotini me`yorida iste`mol qilish inson salomatligi uchun koni foyda. Ammo bu mahsulot sifatsiz bo`lsa, iste`mol qilgan odamga jiddiy ziyon etkazadi. Ming afsuski, so`nggi paytlarda ayrim kimsalar ana shunday iste`molga yaroqsiz mahsulotlar orqasidan mo`maygina daromad topishga harakat qilmoqda. Bu kabi holatlarni kunda yoki kunora ijtimoiy tarmoqlardagi videoxabarlar orqali ko`rib guvohi bo`lmoqdamiz. 

TOShKENTGA KIRIB KELAYoTGAN 1 TONNA...

Misol uchun, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo`mitasi tomonidan taqdim etilgan ma`lumotlarga ko`ra, bir tonna miqdordagi iste`molga yaroqsiz go`sht mahsulotini Buxorodan Toshkentga olib ketayotgan transport vositasi navoiylik YPX xodimlari tomonidan to`xtatilib qolingan. Mahsulot shubha uyg`otgani sabab tekshirish maqsadida tashxis markaziga olib kelingan.  Go`sht tashishga mo`ljallanmagan, ya`ni muzlatkichi yo`q holatda tashilganligi va bu erda sanitariya holatlari buzilganligi sabab go`sht tekshirilganda iste`molga yaroqsiz, deb topildi. Haydovchiga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilib, sifatsiz go`sht mahsulotlari yoqib yuborildi.

Bu birgina misol xolos, ammo ushbu masalada fuqarolarni o`ylantirayotgan savollar va bilish lozim bo`lgan ayrim jihatlar bor. Go`shtning iste`molga yaroqsizligi qanday aniqlanadi? Oddiy fuqarolar bir qarashda iste`molga yaroqsiz go`shtni farqlay oladimi? 

YaROQSIZ GO`ShT QANDAY BO`LADI?

Salohiddin HASANOV, 

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish Davlat qo`mitasi Oziq-ovqat xavfsizligi boshqarmasi boshlig`i:

— Go`sht tegishli dehqon bozorlaridagi veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalarida belgilangan norma va qoidalarga binoan tekshirilib yaroqsiz deb topilganda mahsulot iste`molga yaroqsiz hisoblanadi. Go`shtning iste`molga yaroqsiz ekani aniq tekshiruvlar asosida, ya`ni organoleptik, fizik-kimyoviy hamda mikroskopik usullarda tekshiriladi. Oddiy fuqarolar go`sht sotuv do`konlarida sotilayotgan go`shtning sifati va xavfsizligiga ishonch bildirishi uchun xarid qilish oldidan birinchi navbatda veterinariya-sanitariya ekspertiza xulosasi borligiga etibor qaratish kerak. 

BOZORLARDA SOTILAYoTGAN NIMANING GO`ShTI?

Bozorlarda sotilayotgan go`shtlar qaysi turdagi hayvonning go`shti ekanini qanday bilish mumkin?,

— Bozorlarda sotilayotgan go`shtlar qaysi hayvon turiga mansubligini faqatgina hayvonning tanasi butun bo`lsa anatomik usulda  aniqlash mumkin. Agar go`sht nimtalangan (bo`laklarga bo`lingan) holatda bo`lsa, go`shtning  qaysi hayvon turiga mansubligini faqatgina laboratoriyada PSR (polimeraz zanjirla reaksiya) usuli orqali  identifikasiya qilinib, aniqlanadi. 

QAYSI HUDUDLARDA KO`PROQ?

   — Barcha hududlarda go`sht mahsuloti yaroqliligi bo`yicha veterinariya- sanitariya ekspertiza laboratoriyalari hamda tashxis markazlari laboratoriya tahlili olib boriladi. Tahlil natijalariga binoan go`sht mahsulotining sotuviga ruxsat beriladi. Albatta ayrim hollarda faqatgina yashirincha, veterinariya guvohnomasisiz chegaradan o`tmoqchi bo`lgan fuqorolardan ushlab qolingan yaroqsiz go`sht mahsulotlari belgilangan tartibda yo`q qilingan.

AGAR SIFATSIZ ChIQSA...

Agar fuqarolar iste`molga yaroqsiz go`shtlarga duch kelishsa yoki sifatidan shubhalanishsa, zudlik bilan tegiishli veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyasiga yoki hududdagi viloyat tuman (shahar) veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo`limlari, hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi davlat markazlariga murojaat qilishlari mumkin.

         Farida EGAMBERDIEVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar