Yig`ilishda birinchi yarim yillikda 6 ta (Toshkent shahri, Qoraqalpog`iston, Jizzax, Sirdaryo, Farg`ona, Namangan), yil yakunigacha yana 8 ta masofaviy xizmatlar markazini tashkil qilib, xorijdan buyurtmalar olishni yo`lga qo`yish topshirildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Jahon IT bozoriga chiqqan kamida 30 ta yirik kompaniyalarni mamlakatimizda faoliyatini yo`lga qo`yish muhimligi aytildi.
Eng og`ir hududlar - Qoraqalpog`iston, Andijon va Surxondaryoda axborot texnologiyalarini rivojlantirishga alohida e`tibor qaratish lozimligi ko`rsatib o`tildi.
Ikki oy muddatda xorijlik mutaxassislarni jalb qilgan holda amaliy loyihalar orqali 1 ming nafar yoshlarning IT-parklarda malakasini oshirish tizimini yo`lga qo`yish bo`yicha topshiriq berildi.
Yil boshidan xorijdan 3 mingga yaqin IT mutaxassislar kelgan bo`lib, ularning asosiy qismi shu erda uzoq muddat qolib ishlashni reja qilganligi ta`kidlandi.
“Raqamli O`zbekiston – 2030” dasturini amalga oshirishni qat`iy nazorat qilib borishga ko`rsatma berildi.
Hozirgi loyihalarni amalga oshirish muddatlari etarli darajada emasligi, AKT vazirligiga bu boradagi ish uslubi va yondashuvlarni o`zgartirish orqali:
- bir oy muddatda hamma vazirlik va hududlar bilan loyiha rejalarini qayta ko`rib chiqish;
- yil yakuniga qadar jami 404 ta hududiy, 133 ta tarmoq loyihalarni ishga tushirish topshirildi.
Shuningdek, birinchi yarim yillikda 30 ta, yil yakunigacha 40 ta davlat xizmatlarini yagona portalga kiritish vazifasi qo`yildi. Portaldagi xizmatlar soni 376 taga etadi.
Yil yakunigacha pensiyaga ariza berish, shaxsiy guvohnoma olish, sug`urtalash kabi 50 ta xizmatning mobil ilovasi yaratilib, ularning soni 150 taga etkaziladi.
Shu orqali davlat xizmatidan onlayn foydalanuvchilar soni hozirgi 1,5 milliondan kamida 4 millionga etkaziladi.