Shu kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda endilikda barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasidan o`tkazilmaydi, degan mazmunda xabar tarqaldi va qizg`in muhokamalarga sabab bo`lmoqda.
Adliya vazirligi ushbu holat bo`yicha quyidagilarni ma`lum qiladi.
Birinchidan, “Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi Qonunda ishlab chiquvchi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasini o`tkazish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda joylashtirilishi nazarda tutilgan. Ya`ni, mazkur Qonunda barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilishi shartligi haqida talab mavjud emas.
Ikkinchidan, qanday hujjatlar jamoatchilik muhokamasidan o`tkazilmasligi qonunchilikda avvaldan belgilab qo`yilgan. Prezidentining 2021 yil 15 martdagi qaroriga ko`ra quyidagi hollarda loyihalar jamoatchilik muhokamasidan o`tkazilmaydi:
– favqulodda vaziyatlarning oldini olish yoki ularning oqibatlarini bartaraf etish, yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olish bo`yicha cheklovchi tadbirlarni belgilashga qaratilgan loyihalar;
– yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan o`zgartirish va qo`shimchalarni nazarda tutuvchi loyihalar;
– tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof-muhitga ta`sir ko`rsatishni nazarda tutmaydigan loyihalar.
Uchinchidan, qizg`in muhokamalarga sabab bo`layotgan norma yangilik emas. Chunki, Vazirlar Mahkamasi Reglamentining 30-bandiga ushbu masala yuzasidan 2021 yil 16 avgustda tegishli o`zgartirishlar kiritilgan.
To`rtinchidan, regulation.gov.uz portali loyihalarni jamoatchilik muhokamasidan o`tkazishning yagona manbai emas. Bundan tashqari loyiha ishlab chiquvchi tashkilotlarning rasmiy veb-sahifalari va jamoatchilik.uz portaliga ham loyihalar joylab borilishi lozim.
Masalan, 2022 – 2026 yillarga mo`ljallangan Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o`tkazish uchun 2022-2026.strategy.uz veb-sayti, jamoatchilik.uz va regulation.gov.uz portallariga joylashtirilgan.
Shuningdek, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida”gi Qonunga muvofiq davlat hokimiyati
va boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqilayotgan loyihalar to`g`risidagi ma`lumotlar ularning faoliyati to`g`risidagi axborot jumlasiga kiradi. Demak, tashkilotlarning o`zlari ishlab chiqqan loyihalarni rasmiy veb-sahifalarida e`lon qilib borish majburiyati qonun darajasida mustahkamlangan.
Beshinchidan, loyihalarning jamoatchilik muhokamasiga manzilli yondashuv xorijiy davlatlarning tajribasida ham qo`llanib kelayotgan amaliyot hisoblanadi.
Ta`kidlash lozimki, Belorussiya va Rossiya Federasiyasi qonunchiligida jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilishi lozim bo`lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ro`yxati belgilab berilgan.
Xususan, Belorussiyaning “Normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida”gi Qonuni bilan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish shartlariga sezilarli ta`sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan qonunchilik hujjatlari loyihalari jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilishi lozim bo`lgan loyihalardan biri sifatida ko`rsatilgan.
Oltinchidan, norma ijodkorligi nuqtai nazaridan pishiq bo`lmagan loyihalarning portalga joylanishi keng jamoatchilikda norozilik va rezonanslarni keltirib chiqarishi mumkin.
Shuningdek, so`nggi vaqtlarda ishlab chiquvchilar tomonidan boshqa vazirlik va idoralarning vakolatlari, vazifalari va javobgarligiga taalluqli bo`lgan loyihalarni ishlab chiqish holatlari uchrab turibdi.
Bu esa o`z navbatida, tegishli vazirlik va idoraning huquqiy holati va imkoniyatlarini to`la baholamagan holda sifatsiz, puxta ishlanmagan hamda belgilangan tartibda kelishilmagan holda fuqarolar, tadbirkorlik faoliyati sub`ektlariga majburiyatlar yuklovchi, ularning faoliyatida byuroktratik to`siqlarni vujudga keltiruvchi loyihalarning ishlab chiqilishiga olib kelmoqda.
Ko`rinib turibdiki, loyihalarining jamoatchilik muhokamasiga qo`yilishida manzilli yondashuv vaziyat va zamon taqozosidir.
Adliya vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi






