Bugun IIV YHXBB binosida 2022 yil 12 apreldagi “Yo`l harakati qoidalarini tasdiqlash to`g`risida”gi 172-son Qarorining yangi tahrirdagi “Yo`l harakati qoidalari”ga bag`ishlangan davra suhbati bo`lib o`tdi. Unda joriy etilayotgan yangi qoidalar yuzasidan aholi tomonidan eng ko`p so`ralayotgan savollarga javoblar berildi, deya xabar bermoqda "darakchi.uz" jurnalisti Farida Egamberdieva.
Xususan, yangi qoidaga ko`ra, haydovchi va mashinaning old o`rindig`ida o`tirgan yo`lovchiga xavfsizlik kamarini taqish shart qilib belgilanmoqda. Bunda kasalligi bo`lgan ayrim fuqarolarga kamarni taqmaslikka ruxsat berilgan. Davra suhbatida mazkur tartibga oydinlik kiritilishicha, agar fuqaro biror kasalligi sabab xavfsizlik kamarini taqa olmasa, buning uchun u kasalligi to`g`risidagi tibbiy ma`lumotnomani yonida olib yurishi lozim.
"Albatta, fuqaroda qanday kasalligi to`g`risida tibbiy ma`lumotnoma bo`lishi lozim. Yo`qsa, hamma "nega kamar taqmadingiz" desak, "sog`ligim ko`tarmaydi" deb aytaveradi. Buning uchun esa aniq asos bo`lishi lozim", - dedi IIV JXD YHXX boshlig`i o`rinbosari, polkovnik Erali Bozorov.
Shuningdek, ma`lum qilinishicha, 8 turdagi kasallik holati uchun tibbiy ma`lumot talab etmasdan xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladi.
Jumladan,
1. Umrov va tush suyaklarining sinishlari
2. Elka kamari sinishi
3. O`pkaning surunkali obstruktiv kasalliklari (IV bosqich)
4. Bronxial astma (IV bosqich)
5. O`pkaninr interstesial zararlanishi
6. O`pkaning bir qismi yoki butun qismini (chap yoki o`ng) olib tashlangan
7. Surunkali yurak etishmovchiligining III bosk.ichi va dekompensasiya bosqichi
8. Homilador ayollar
Ta`kidlanishicha, haydovchi yo`lovchini kamar taqish haqida ogohlantirishi lozim, agar ogohlantirmasa va old o`rindiqdagi fuqaro kamar taqmasa, haydovchiga jarima yoziladi. Ogohlantirsa, lekin yo`lovchi kamarni taqmasa, jarima yo`lovchi-fuqaroga belgilanadi.
Shuningdek, Yo`l harakati qoidalariga ko`ra, aholi hamda haydovchilar o`rtasida 7 yoshgacha bolalarni maxsus bolalar o`rindig`ida, 7 yoshdan 12 yoshgacha bolalarni maxsus ushlab turuvchi moslamali xavfsizlik kamarini taqqan holda tashish, transportning orqa o`rindig`idagi yo`lovchilar ham xavfsizlik kamarini taqib olishlari tartibi hozircha tavsiyaviy bo`lib, kelajakda u ham majburiy etib belgilanadi.






