Endi biz qilichbozlik sportida ham jahon birinchiligidamiz. Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)ning Dubay shahrida qilichbozlik bo`yicha o`smirlar va yoshlar o`rtasida o`tkazilgan jahon chempionatida, qayd etish kerakki, dunyo birinchiligida terma jamoamiz a`zolaridan Zuhriddin Qodirov mustaqil O`zbekistonimizga tarixdagi birinchi oltin medalni taqdim etgan bo`lsa, Jahon kubogi g`olibi Zaynab Dayibekova bu safar bronza medalini qo`lga kiritdi.
Zuhriddin Qodirov qo`lga kiritgan birinchiligi bois O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga ko`ra “Mard o`g`lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Davlatimiz tomonidan sportchilarni ushbu musobaqaga yuqori darajada tayyorlagan trenerlar ham munosib rag`batlantirildi. Terma jamoamiz murabbiyi, uch karra Olimpiya o`yinlari chempioni Vladimir Nazlimov hamda Zuhriddin Qodirovning shaxsiy murabbiyi Yorqin Yo`ldoshev pul mukofotlari bilan rag`batlantirildi. Unga ko`ra, jahon chempioni Zuhriddin Qodirovga 5 000, bronza medali egasi Zaynab Dayibekovaga 3 000, murabbiylar Vladimir Nazlimovga 2 000 hamda Yorqin Yo`ldoshevga 1 000 AQSh dollari miqdoridagi bir martalik pul mukofotlari topshirildi.
“Dunyoning eng kuchli qilichbozlari bellashuvi menga zavq bergan”
Zuhriddin QODIROV: – Bu yutuqdan judayam xursand bo`ldim. Bu yutuqqa nafaqat biz balki, murabbiylarimizning mehnati, ota-onamizning qilgan duolari ham sabab bo`ldi, deb o`ylayman…
Bundan 7 yil oldin Toshkentda qilichbozlik bo`yicha o`smirlar va yoshlar o`rtasidagi jahon chempionati bo`lib o`tganida ushbu sport turiga mehrim uyg`ongan. Dunyoning eng kuchli qilichbozlari qanday bellashayotganini ko`rish katta zavq bergan. Shundan so`ng qilichbozlik zaliga borib, ushbu sport turi bilan shug`ullana boshladim. Qisqa vaqt ichida qilichbozlik o`zidagi shijoat va joziba bilan meni o`ziga tortdi. Ayniqsa, sablya quroliga mehrim ko`proq tushdi va shu yo`nalishda shug`ullana boshladim.
Yillar o`tib yosh bolalar, so`ng o`smirlar o`rtasidagi mamlakat chempionatida shohsupaga ko`tarildim. Prezidentimizning bizga dunyoning eng kuchli murabbiylarini olib kelgani biz yoshlarga yanada katta motivasiya berdi. Vladimir Nazlimov kabi 3 karra Olimpiada va 10 karra jahon chempioni terma jamoada murabbiylik qilar ekan, kelajakda men ham ustozimiz kabi yuksak marralarni zabt etishimga ishonaman.
BAAda o`tgan jahon chempionatida erishgan g`alabam mening bu niyatim shunchaki xayoldagi orzu emas, uddalash mumkin bo`lgan vazifa ekanini ko`rsatdi. Musobaqada qilichbozlik sporti taraqqiy etgan Kanada, Misr, Vengriya, AQSh va Germaniyadan bo`lgan raqiblarimni mag`lubiyatga uchratishga erishdim. Bu g`alabam davlatimizning biz yoshlarga sport bilan shug`ullanishimiz uchun yaratib berayotgan sharoitlarining samarasi.
“Eng quvonchli onlarim bo`ldi, chunki...”
" – G`alabam evaziga Prezidentimizning “Mard o`g`lon” davlat mukofoti bilan taqdirlash to`g`risidagi Farmoni Sportni rivojlantirish vaziri tomonidan o`qib eshittirilayotgan lahzalar hayotimning eng quvonchli onlari bo`ldi.
Farmon o`qilayotganda oldimda o`tirgan onamga qarar ekanman, ko`zlaridan oqayotgan quvonch yoshlarini ko`rib, bu chempionlik yo`lidagi barcha mashaqqatlar butunlay unutildi. Axir bir farzand uchun bundan ortiq yana qanday baxt bo`lishi mumkin?! Bu g`alabamda ustozlarim qatori oilamning ham beqiyos o`rni bor. Ularning qo`llab-quvvatlashi menga har doim kuch bergan. Kelgusida Olimpiya o`yinlarida ham g`alaba qozonib, ota-onamni kechagidek dunyoning eng baxtli insonlari qilish niyatidaman va buning uchun qo`limdan kelgan barcha ishni qilishga va`da beraman", – deydi Zuhriddin.
MA`LUMOT UChUN, O`smirlar toifasida sablya qurolida bahs olib borgan vakilimiz Zuhriddin Qodirov Kanada, Misr, Vengriya, AQSh va finalda Germaniya vakillari ustidan g`alaba qozondi. Hal qiluvchi bellashuvda u Kolin Xetkokni 15:13 hisobida dog`da qoldirdi.
Uchqun NAMOZOV tayyorladi






