FOREX” – dunyodagi eng yirik xalqaro valyuta ayirboshlash bozori platformasi hisoblanib, u chet el valyutalarini uzluksiz bir-biri bilan almashish maqsadida yo`lga qo`yilgan.
Mazkur bozorda asosan banklar, brokerlik kompaniyalari, tashqi savdo bilan shug`ullanuvchi firmalar, jismoniy yoki yuridik shaxslar treyder sifatida ishtirok etadi.
Treyderlar asosan moliya bozoridagi narxlarning tebranishi hisobidan foyda oladi, ya`ni arzon olib, qimmat bo`lganda sotadi yoki aksincha bo`lishi mumkin.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo`yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirda o`zini treyderlik faoliyati bilan shug`ullanayotganini ma`lum qilib, moliya-iqtisod sohasida etarli bilim va tajribaga ega bo`lmagan fuqarolarni ishonchiga kirgan holda, ularning shaxsiy mablag`larini noqonuniy o`zlashtirib kelgan mas`uliyati cheklangan jamiyat faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Xususan, 1995 yilda Samarqand viloyatida tug`ilgan, muqaddam sudlangan shaxs 2020 yilda Toshkent shahrida “Realnaya Investitsiya” mas`uliyati cheklangan jamiyatini tashkil etgan va mijozlar topish maqsadida “Telegram” messenjerida hamda “Instagram” ijtimoiy tarmog`ida guruh ochib, targ`ibot ishlari olib borgan.
MChJ rahbari mijozlardan 15 ming AQSh dollaridan 200 ming AQSh dollarigacha bo`lgan miqdorda pul mablag`larini qabul qilib olgan hamda ularga har oyda kamida 10 % dan foyda berishni va`da qilib, ushbu foydani yangi jalb qilingan fuqarolarning pul mablag`lari hisobidan to`lab kelgan.
Hozirgi kunda MChJ rahbarining 100 nafar atrofidagi shaxslardan jami 2,5-3 mln. AQSh dollari miqdorida qarzdorligi mavjud.
Ta`kidlash lozimki, MChJ rahbari noqonuniy yo`l bilan topilgan daromadlarini bir nechta ko`chmas mulklar va qimmatbaho avtomashinalar xarid qilish orqali legallashtirgan.
Hozirda holat yuzasidan mas`uliyati cheklangan jamiyat rahbari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Shuningdek, MChJ rahbariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168, 178, 179, 184, 1881, 189 va 243-moddalarini qo`llagan holda mazkur jinoyat ishida ayblanuvchi sifatida jalb etilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan.
Hurmatli fuqarolar “Realnaya Investitsiya” mas`uliyati cheklangan jamiyatidan jabr ko`rgan bo`lsangiz, Toshkent shahar prokuraturasiga murojaat qilishingiz tavsiya etiladi.






