Toshkent viloyatining Chinoz tumanida joylashgan “Yallama” chegara bojxona postiga tutash hududda yangi zamonaviy bojxona terminali ishga tushirildi. Bugun bo`lib o`tgan ochilish marosimida Darakchi muxbiri ham ishtirok etdi.
Ma`lumot o`rnida:
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 24 noyabrdagi “Bojxona ma`muriyatchiligini takomillashtirish va O`zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida” PF-5582-son Farmonida “Yallama” postiga tutash hududda bojxona terminalini qurish belgilangan edi.
Respublikamizning eng yirik bojxona postiga tutash hududdagi mazkur “Euroasia Transportation Logistics” xorijiy korxonasi tomonidan qurib foydalanishga topshirilgan bojxona terminalini ayni shu topshiriqning amaliy ijrosi bo`ldi.
Berilgan ma`lumotlarga qaraganda 20 gektar maydonni egallagan “Yallama” bojxona terminalida davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan bojxona, bank, logistika, tezkor laboratoriya, fitosanitar, veterinar, sanitar-epidemiologik, ekologik, muvofiqlikni baholash kabi barcha xizmatlar “Yagona darcha” tamoyili asosida ko`rsatiladi.
Shuningdek, bu erda bir vaqtning o`zida 500 ta yuk avtomobillarini sig`dira olish imkoniyatiga ega hamda bepul WI-FI bilan ta`minlangan avtoturargoh, 5000 kv.m maydonda yopiq hamda 3836 kv.mmaydonda ochiq bojxona omborlari, rasmiylashtiruv zali, davlat nazorati organlari uchun xizmat xonalari, savdo do`konlari hamda boshqa bino va inshootlar mavjud.
Bundan tashqari, bojxona terminali eng zamonaviy texnik vositalar, jumladan avtotarozi, avtomobillar raqamini aniqlash va videokuzatuv tizimlari, zamonaviy kompyuter texnikalari va boshqa qurilmalar bilan jihozlangan.
Shuningdek bojxona terminali hududida 10 ta shtat birligidan iborat bojxona punkti tashkil etilgan. Endi shundoqqina chegara bojxona postidan tovarlarini olib kirgan yoki olib chiqish istagidagi tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari shu erning o`zida sutkaning istalgan vaqtida tashqi savdo yuklarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvini amalga oshirishlari mumkin.