Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi “Sohil” bolalar oromgohida aksiya doirasida sayyor tibbiy qabullar boshlandi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar berdi.
Unda vazirlik markaziy apparati jamoasi, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari rahbarlari va shifokorlari, tibbiyot oliy o`quv yurtlari olimlari hamda mahalliy mutaxassislar, jami 200 nafardan iborat maxsus guruh aholini qabul qilishga kirishdi.
Surxondaryo —O`zbekistonning janubiy darvozasi, mamlakatimizning eng olis hududlaridan biri. Bugun viloyatdagi 14 ta tuman va 1 ta shaharda 2,5 milliondan ziyod aholi istiqomat qiladi. Bu erda 721 ta mahalla va 161 ta birlamchi tibbiyot muassasasi faoliyat yuritmoqda.
So`nggi yillarda hududda sog`liqni saqlash tizimini aholiga yanada yaqinlashtirish, ko`rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va qamrovini oshirish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi. Biroq sohada hali echimini kutayotgan masalalar yo`q emas, deyiladi Matbuot xizmati xabarida. Viloyatda bo`lib o`tayotgan sog`lomlashtirish aksiyasi ana shu muammo va kamchiliklarni samarali bartaraf etish maqsadida tashkil etilgan.
Ta`kidlanishicha, aksiya ikki bosqichda o`tkazilyapti. Birinchi bosqichda poytaxtdan kelgan mutaxassislar guruhlar kesimida viloyatning har bir shahar va tumaniga taqsimlanib, joylarda “xonadonbay” tamoyili asosida aholi salomatligi, ularni qiynayotgan tibbiyotga doir muammolarni o`rganmoqda.
Qaysi hududda qanday kasalliklar ko`p tarqalgan bo`lsa, shunga ko`ra, joylarga aynan shu yo`nalishdagi ixtisoslashtirilgan markazlar shifokorlari biriktirilyapti.
Ikkinchi bosqichda vazirlikning maxsus guruhi tomonidan hududlardagi o`rganish natijalari yakunlariga ko`ra Termiz shahri va viloyatning qator tumanlarida sayyor tibbiy qabullar o`tkazish rejalashtirilgan. Bugungi tadbir bu boradagi dastlabki qadamdir.
Og`ir kasallikka chalingan, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga muhtoj surxondaryolik bemorlarda davlat hisobidan operasiyalar boshlab yuborilgan. Bu amaliyotlar poytaxtlik tajribali shifokorlar boshchiligida muvaffaqiyatli bajarilyapti.






