Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida yo`l bo`yida qulupnay savdosi bilan shug`ullanayotgan fuqarolar va ichki ishlar organlari xodimlari o`rtasidagi janjal aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalmoqda. Holat yuzasidan IIV matbuot kotiibi Shoxruh G`iyosov munosabat bildirdi.
"Albatta, yuzaga kelgan xavf zudlik bilan bartaraf etilib, jamoat xavfsizligi ta`minlangan. Jamoat tartibini buzgan barcha ishtirokchilarning shaxsi aniqlanib, ular bilan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Voqea joyida, qasddan, ichki ishlar organlari xodimlarning qonuniy talablarini bajarmaslik, ularga qarshilik ko`rsatish kabi chaqiriqlar qilgan fuqarolar ham aniqlangan.
Holat yuzasidan rasmiy munosabat tayyorlanmoqda va tez fursatda e`lon qilinadi.
Bunday hodisalarni bo`rttirish va ichki ishlar organlari xodimlarini yomonotliq qilib ko`rsatishga shaylangan «jamoatchilik vakillari» faollashganligini inobatga olib, haqiqiy jamoatchilik nazorati sub`ektlaridan yo`l yoqalaridagi tartibsiz savdo-sotiq bilan bog`liq muammolar, ular ortidan kelib chiqayotgan yo`l-transport hodisalari va hokazo masalalarga ko`proq e`tibor qaratishlarini maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz", - deyiladi matbuot kotibi munosabatida.






