15-17 aprel kunlari "UzAuto Motors" kompaniyasi homiyligida Toshkent shahrida badiiy gimnastika bo`yicha Jahon kubogining navbatdagi bosqichi bo`lib o`tdi.
O`zbekiston terma jamoasi ilk bor 15 mamlakatdan ishtirok etgan sportchilar orasidan 4 ta oltin, 2 ta kumush va 1 ta bronza medali bilan chempionatda Lider bo`ldi. “UzAuto Motors” jamoasi sportchilarni mazkur musobaqada erishgan yuqori natijalari bilan tabriklaydi hamda jahon shohsupasida O`zbekiston bayrog`ini ko`rish imkonini yaratganligi uchun minnatdorchilik bildiradi.
Gimnastikachi Tahmina Ikromova Kubokda 3 ta oltin va 1 ta bronza medalini qo`lga kiritib O`zbekiston vakillari orasida eng yaxshisi bo`ldi. Yana O`zbekiston terma jamoasi guruh mashqlarida 1 ta oltin va 2 ta kumush medalni olib keldi.
Eslatib o`tamiz, “O`zavtosanoat” ko`p yillardan buyon milliy gimnastikaga katta yordam ko`rsatib kelmoqda, joriy yilning fevralida “O`zavtosanoat” AJ Boshqaruv raisi Shavkat Umurzoqov O`zbekiston gimnastika federasiyasi prezidenti etib saylandi. Kompaniya rahbariyati bundan keyin ham ushbu xayrli an`anani davom ettirish va sportchilarning yuksak natijalarga erishishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishni maqsad qilmoqda.






