Adliya vazirligi tomonidan 2022 yil 15 martdan 15 mayga qadar “Sog`liqni saqlash va ta`lim tizimi xodimlarining huquqlarini himoya qilish” huquqiy aksiyasi o`tkazilishi e`lon qilingan edi.
O`tgan bir oy davomida (15 martdan 15 aprelga qadar) adliya organlariga sog`liqni saqlash va ta`lim tizimi xodimlaridan jami 4 979 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 3 405 tasi (68 %) qanoatlantirildi, 354 ta murojaat bo`yicha huquqiy tushuntirish berildi hamda 25 ta murojaat tegishliligiga ko`ra vakolatli organlarga yuborildi. Hozirda 1 195 ta murojaatlar ish yurituvida ko`rib chiqilmoqda. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.
Murojaatlarning asosiy qismi Andijon (859 ta), Qashqadaryo (489 ta), Toshkent (480 ta) viloyatlariga to`g`ri kelmoqda.
Hududiy adliya organlari tomonidan sog`liqni saqlash va ta`lim tizimi xodimlarining manfaati yuzasidan 1 342 ta taqdimnoma, 1 755 ta ogohnoma, 211 ta ma`muriy va 3 ta jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar hamda sudlarga
jami qiymati 9 mlrd 187 mln. so`mlik 2 379 ta da`vo arizalari kiritildi.
Ko`rilgan ta`sir choralari natijasida taqdimnomalarga asosan 6 mlrd 645 mln. so`m mablag`lar (ish haqi, ustama va boshqa to`lovlar) soha xodimlariga undirib berildi. Shuningdek, 552 ta hujjat bekor qilinib, 472 ta shaxs intizomiy, 64 ta shaxs ma`muriy javobgarlikka tortildi.
Murojaatlarni ko`rib chiqish jarayonida soha xodimlarining buzilgan huquqlarini tiklash choralari ko`rilmoqda. Xususan, Buxoro shahar adliya bo`limi tomonidan 23-son umumta`lim maktabi o`qituvchisi Xodjaeva Sitoraning ingliz tili bo`yicha TOEFL xalqaro sertifikati mavjud bo`lsa-da, tegishli ustama pullari to`lab berilmayotganligi to`g`risidagi murojaati yuzasidan to`lanmay qolgan 4,5 mln. so`m miqdoridagi ustama to`lovlarini undirib berish bo`yicha sudga ariza kiritildi.
Navoiy shahar adliya bo`limi tomonidan umumta`lim maktablari
ingliz tili fani o`qituvchilarining C1 darajadagi xalqaro sertifikatni olish uchun imtihon topshirish bilan bog`liq xarajatlarini davlat budjetidan pedagog kadrlar malakasini oshirish uchun ajratiladigan mablag`lar hisobidan qoplab berish majburiyatini tegishli davlat tashkilotlari zimmasiga yuklash uchun Fuqarolik ishlari bo`yicha Karmana tumanlararo sudiga 15 ta da`vo arizasi kiritilib, 14 nafar pedagog xodimning imtihon topshirish bilan bog`liq jami 9,58 mln. so`m xarajatlarini javobgar Navoiy shahar xalq ta`limi bo`limi hisobidan undirib berilishi ta`minlandi.
Paxtaobod tuman adliya bo`limi tomonidan Paxtaobod tumanidagi
11, 12, 14 va 26-son umumta`lim maktablarining 198 nafar o`qituvchilari tomonidan bepul tibbiy ko`rikdan o`tish masalasida amaliy yordam berishni so`rab yo`llagan murojaatlarini o`rganish natijasida tibbiy ko`rik xodimlarning shaxsiy mablag`lari hisobidan amalga oshirilganligi aniqlandi.
Mazkur qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan tuman tibbiyot birlashmasiga taqdimnoma kiritilgan. Ushbu taqdimnoma ijrosi ta`minlanmagach, Andijon tumanlararo sudiga ariza kiritilib, sud tomonidan Paxtaobod tuman tibbiyot birlashmasiga pedagog xodimlarni bepul tibbiy ko`rikdan o`tkazish majburiyatini yuklash to`g`risida hal qiluv qarori chiqarilishiga erishildi.
Birlamchi va davriy tibbiy ko`rikdan o`tishda xodimlar chiqimdor bo`lishi bilan bog`liq holatlar Qoraqalpog`iston Respublikasi, Buxoro, Surxondaryo, Namangan, Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrida ham aniqlangan bo`lib, ushbu qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish uchun tegishli tashkilotlarga taqdimnomalar kiritilishi ta`minlandi.
Chimboy tumani adliya bo`limi tomonidan Chimboy tuman tibbiyot birlashmasi bir qator xodimlarining 2021 yil dekabr va 2022 yil yanvar-fevral oylaridagi oylik ish haqi to`lanmaganligidan noroziliklari to`g`risidagi murojaatlarini o`rganish jarayonida, tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan murojaatchilarga
7,2 mln. so`m miqdorida ish haqi to`lab berilmaganligi aniqlanib, qonunchilik hujjatlari talablarini buzgan mansabdor shaxslarni ma`muriy javobgarlikka tortish yuzasidan tuman aholi bandligiga ko`maklashish markaziga taklif kiritildi, shuningdek, xodimlarning to`lab berilmagan ish haqlarini undirish yuzasidan sudga da`vo arizasi kiritildi.
Taxiatosh tuman adliya bo`limi tomonidan fuqaro M.Tasbaevaning murojaati o`rganilganida, fuqaroning homilador bo`lishiga qaramasdan 2022-yilning 24-yanvar kuni mehnat shartnomasini bekor qilish yuzasidan ogohlantirish xati berilganligi hamda joriy yilning 1-mart kuni ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish to`g`risida buyruq chiqarilganligi aniqlanib, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan tuman xalq ta`limi bo`limiga taqdimnoma hamda mehnat qonunchiligi talablarini buzgan mansabdor shaxslarni ma`muriy javobgarlikka tortish yuzasidan tuman bandlikka ko`maklashish markaziga taklif kiritildi.
Vazirlik tomonidan O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, Oliy ta`lim vazirigi, Xalq ta`limi vazirligi hamda Maktabgacha ta`lim vazirligi tizimi xodimlarining ish haqlari, qonunchilik hujjatlarida belgilangan maxsus ustamalar va kompensasiyalarning to`lanib borishi holati monitoring o`tkazish yo`li bilan ham o`rganilmoqda.
- ish haqining belgilangan muddatda to`lanmasligi (2 193 ta);
- ustamalarning to`lanmasligi (2 170 ta);
- foydalanilmagan ta`tillar uchun pullik kompensasiya to`lab berilmasligi (198 ta);
- olis hududlarda ishlovchi oliy ma`lumotli mutaxassislarga bir martalik moddiy yordam puli va uy-joyni ijaraga olganlik uchun kompensasiya pullarining to`lab berilmasligi (274 ta);
- majburiy mehnatga jalb qilish holatlari (18 ta) va boshqa ko`plab qonunbuzilishi holatlari aniqlanib, soha xodimlarining buzilgan huquqlarini tiklashga qaratilgan tadbirlar amalga oshirildi.
Jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Respublika “OITS”ga qarshi kurashish markazida o`tkazilgan monitoring natijasida, Markazning 2022 yil fevral-mart oylarida xizmat safariga yuborilgan xodimlariga xizmat safari xarajatlari to`lab berilmaganligi aniqlanib, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va xodimlarning xizmat safari xarajatlarini to`lab berish yuzasidan vazirlik tomonidan joriy yilning 12 aprel kuni Respublika “OITS”ga qarshi kurashish markaziga taqdimnoma kiritildi.
Qo`qon shahar adliya bo`limi tomonidan o`tkazilgan o`rganishda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 30 oktyabrdagi PF – 6099-son Farmoniga asosan 2021-yil 1-yanvardan barcha davlat organlari va tashkilotlarida, sog`lom turmush tarzi va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida mehnat jamoalarida faoliyat yuritayotgan xodimga “Sport targ`ibotchisi” qo`shimcha vazifasini yuklash va uning bazaviy lavozim maoshiga 20 foiz miqdorida ustama belgilash yo`lga qo`yilishi belgilangan bo`lsa-da, 30 nafar o`qituvchilarga qo`shimcha ustamalar to`lanmayotganligi aniqlanib, xodimlar manfaatini ko`zlab fuqarolik ishlari bo`yicha Qo`qon tumanlararo sudiga ariza kiritilgan, ariza qanoatlantirilib, sud buyrug`iga ko`ra xodimlarga 228, 2 mln. so`m pul mablag`lari to`lab berilishi belgilandi.
Shuningdek, Karmana tuman adliya bo`limi tomonidan 31 nafar, Kattaqo`rg`on tuman adliya bo`limi tomonidan 19 nafar “sport targ`ibotchisi” qo`shimcha vazifasi yuklatilgan o`qituvchilarga 20 foiz miqdorida ustama to`lovlari to`lab berilishi ta`minlandi. Aksiya doirasida o`rganishlar davom etmoqda…






