"darakchi.uz"ga Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumani "Obshir" qishlog`i fuqarolari nomidan murojaat aks etgan video kelib tushdi. Murojaatda aytishicha, fuqarolar tumandagi 21-maktabdagi holatdan norozi bo`lib, tuman xalq ta`limi bo`limiga bir necha marta murojaat bilan borishgan. Ammo haligacha biror ijobiy echim yoki o`rganish olib borilmagan.
"Maktabda davomad juda past, bir sinfdan darslarda 3-4 nafargina bola o`tiradi, ular ham o`qituvchilarning farzandlari. Darslar yaxshi o`tilmaydi. O`qituvchilar o`quvchilarga juda yomon, so`kinib munosabatda bo`lishadi, bu haqda video qilib olingan dalillarimiz ham bor. Xodimlar ishga kelmay oylik oladi, buni surishtirib o`rganib ham chiqdik. Bolalarni olib ketish uchun talon ham bermaydi. 3-4 marta tuman Xalq ta`limi bo`limiga murojaat qildik, umuman foydasi bo`lgani yo`q. Tuman hokimligiga chiqdik, tuman prokuraturasiga chiqdik. Hech kim bizga yordam bermayapti, bolalarimizni o`yinchoq qilishyapti", deydi qishloq fuqarolari nomidan Lutfulla Umbarov.
Ushbu murojaat bo`yicha qo`shimcha ma`lumotlar ham taqdim etildi. Ayni paytda "darakchi.uz" barcha tegishli tashkilotlar bilan bog`lanmoqda. Rasmiy izoh va munosabatlarni tez orada e`lon qilamiz.






