Amerikaning "Eurasianet" nashri Farg`onadagi 5 nafar bolani tarbiyalayotgan Valievlar oilasi misolida etimlarni parvarish qilishning yangi tizimi haqida maqola chop etdi.
Besh nafar bolaning barchasi O`zbekistonda etim va ota-ona qaramog`idan mahrum bo`lgan bolalarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga oid qaror kuchga kirganidan keyin tarqatib yuborilgan ko`plab muassasalardan biri bo`lgan muammoli Marg`ilondagi mehribonlik uyidan kelgan. Farg`ona shahri yaqinidagi Satqak qishlog`ining mahalliy aholisi yangi bolalar uyi joylashgan ko`chani ularga g`amxo`rlik qilayotgan oila nomi bilan «Valiev ko`chasi» deb ataydi. Mazkur ma`lumotlar nashrda alohida e`tirof etilgan.
Xorij OAVsi sharhiga ko`ra, davlat muassasalaridan kichik oilaviy bolalar uylariga o`tish uzoq kutilgan va istiqbolli qadam bo`lib, eskirgan sovet tuzumidan voz kechishni anglatadi. Sovet Ittifoqi davrida qurilgan, har birida, odatda, yuzdan ortiq bolalar yashaydigan yirik muassasalarda qashshoqlik, zo`ravonlik va qorong`u kelajak hukm surgan.
Allaqachon to`rt nafar farzandi bor Valievaning uch o`g`il va ikki qizni asrab olish azaliy orzusi bo`lgan.
«Men uzoq vaqt ta`lim tizimida ishladim, mexribonlik uylariga tez-tez borib turardim. Har safar yuragim ezilib ketardi. Endi turmush o`rtog`im va bolalarimning ko`magi tufayli biz katta oilaga aylandik», — deydi Valieva «Eurasianet» nashriga bergan intervyusida.
“O`zbekistonning hozirgi rahbariyati bu masalani milliy xavfsizlik masalasi deb bilishi — Prezident Shavkat Mirziyoevning Milliy gvardiya zimmasiga mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalarni oilalarga o`tkazishni nazorat qilish to`g`risidagi qaroridan yaqqol namoyon bo`ldi. Milliy gvardiyachilar bolalarni tarbiyalash va hayotga moslashish davrida “ma`naviy homiylar” bo`lishadi, deb va`da qilgan edi Mirziyoev o`tgan yilning iyul oyida”, – deyiladi maqolada davlat rahbari tashabbusi e`tirof etilib.
Valievlarga ko`ra, milliy gvardiyachilar etim va imkoniyati cheklangan bolalarni asrab olgan uylarni oyiga bir marta borib o`rganadi. Bunday oilalarga davlat har oyda har bir bola uchun palto, etik, bir juft krossovka va maktab formasi bilan birga 220 dollar ajratadi.
Hozir mamlakatning 12 viloyati va Qoraqalpog`iston Respublikasini hisobga olganda, jami 4 ta hududda bolalarga etti yoshdan voyaga etgunga qadar xizmat ko`rsatadigan barcha mehribonlik uylari tarqatib yuborilgan.
Ta`kidlanishicha, BMTning bolalar tashkiloti YuNISEF ishtiyoq bilan deinstitusionalizasiya tarafdori. YuNISEF 2021 yili har 100 000 o`zbekistonlik boladan 250 nafari qaysidir shaklda muassasa tarbiyasida ekani, bu dunyo bo`yicha o`rtacha ko`rsatkichdan deyarli ikki baravar ko`p ekanini ma`lum qiladi.
Biroq «reintegrasiya jarayoni yaxshi rejalashtirilgan bo`lishi, bolalar va ularning oilalari butun jarayon davomida qo`llab-quvvatlanishi kerak», — deydi YuNISEF Mirziyoevning 2021 yildagi farmoniga javoban.
Nashrda qayd etilishicha, Valievlar uyi Farg`ona viloyatidagi 16 ta yangi mehribonlik uylaridan biridir.
Hokimlikning bolalarga g`amxo`rlik bo`yicha mutaxassisi Xurshida Hakimova «Eurasianet»ga «Bolalar uylarida hech qanday tashvishli hodisa qayd etilmagani»ni aytgan.
Bu fikrni Marg`ilondagi mehribonlik uyida yashagan, hozir Toshkent shahrida talaba bo`lgan Shermuhammad Dehqonov tasdiqlaydi. U etim va boquvchisini yo`qotgan bolalar duch kelayotgan muammolarni muhokama qilish maydoni sifatida Telegramda «Mehribonlik uyi» kanaliga asos solgan. Kanalda 200 ga yaqin obunachilar, Milliy gvardiya vakillari, bolalar psixologlari va davlat bolalar uylarining sobiq rezidentlari bor.
«Farg`ona viloyatida ochilgan bolalar uylariga tez-tez borib turaman. Shaxsan ko`plab etimlarni bilaman va aytishim mumkinki, bu er ular uchun iliqlik baxsh etadi. Ba`zilar allaqachon «onam va dadam» degan muqaddas so`zlarni o`rgangan. Davlatning bu masalaga qaratgan e`tibori oldinlari bo`lmagan», — deydi ota-onasi uch yoshida vafot etgan Dehqonov.
Valieva esa uning barcha tarbiyalanuvchilari Marg`ilondagi Mehribonlik uyida qandaydir jarohatlarni boshdan kechirganini qayd etgan. Hozir Valievlar oilasiga Mehribonlik uyidan kelgan bolalari o`z farzandlari bilan birga maktabga boradi va birga uy yumushlari bilan shug`ullanadi.
«Ota-onam meni mehribonlik uyiga tashlab ketgan va men ona muhabbati nima ekanini endi tushundim», — deydi 5 nafar bolaning eng kattasi, 13 yoshli Laylo.
Valievaning turmush o`rtog`i, IT mutaxassisi Nabijon Valievning aytishicha, tarbiyalashning dastlabki qiyinchiliklari bolalarning rivojlanishini kuzatish quvonchidan ustun keladi. U to`qqiz yoshdan o`n bir yoshgacha bo`lgan uch o`g`il sportga ishtiyoqi borligini aytgan.
«Ular tergovchi bo`lishni xohlashadi. Bu Milliy gvardiyachilarning ularda qoldirgan katta taassurotlari bilan bog`liq bo`lsa kerak», — deya qo`shimcha qilgan Valiev.






