Bugun, 19 aprel kuni Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazida Milliy markaz huzuridagi Ilmiy-muvofiqlashtiruvchi kengashning navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda inson huquqlari sohasidagi ta`limni rivojlantirish bo`yicha xalqaro tajriba muhokama qilindi.
Gibrid formatda o`tkazilgan tadbir Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Rossiyaning Qozon federal universiteti hamkorligida tashkil etildi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda inson huquqlari sohasidagi ta`limning xalqaro huquqiy asoslari ko`rib chiqildi. Shuningdek, ushbu yo`nalishda ilmiy tadqiqotlarni rag`batlantirish tajribasini o`rganishga alohida e`tibor qaratilgani aytiladi.
"Inson huquqlari sohasidagi ta`lim va xalqaro inson huquqlari normalari va tamoyillari to`g`risidagi ma`lumotlarni keng yoyish masalasi bilan BMT deyarli tashkil topgan paytidan buyon doimiy ravishda shug`ullanib kelmoqda. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o`rinbosari, Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov o`z nutqida atroflicha to`xtaldi",-deyiladi xabarda.
Ta`kidlanganidek, inson huquqlari va asosiy erkinliklariga to`liq rioya qilish uchun ma`rifat va ta`limning muhimligi haqidagi qoida 1948 yilgi Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasida allaqachon mustahkamlab qo`yilgan.
Uchrashuvda Qozon federal universiteti vakillari, xususan, Xalqaro aloqalar bo`yicha fakultet dekani o`rinbosari, yuridik fanlar doktori Rustem Davletgildeev, Xalqaro va Evropa huquqi kafedrasi rahbari, yuridik fanlar doktori, professor Adel Abdullin, Huquq fakulteti dekani, yuridik fanlar doktori, professor Liliya Bakulina Rossiya universitetlari konsorsiumining inson huquqlari bo`yicha ta`lim sohasidagi tajribasi bilan o`rtoqlashishgan.
Ma`lum bo`ltshicha, konsorsium 10 ta universitetni o`z ichiga olgan. Anjumanda ushbu tuzilmaning “Inson huquqlarini xalqaro himoya qilish” magistratura dasturini amalga oshirish bo`yicha tajribasi taqdim etilgani aytiladi.