AsosiyJamiyat

"Bolaning ahvoli qoniqarli darajada"

'"Bolaning ahvoli qoniqarli darajada"'ning rasmi

SSV sher tishlab olgan go`dakning hozirgi holati haqida ma`lumot berdi.

Avvalroq Toshkent viloyatida sher 3 yoshli bola va uning oilasiga hamla qilgani haqda ma`lumot bergandik.

Hozirda bola Toshkent shahridagi Mirzo Ulug`bek tumani 2-sonli bolalar jarrohlik klinikasida davolanmoqda. U 7 aprel kuni og`ir ahvolda klinikaga olib borilgan.

Ayni damda Sog`liqni saqlash vazirligi sher tishlab olgan bolaning ahvoli  qoniqarli ekani, muolajalar reja asosida davom ettirilayotganini ta`kidlamoqda.

Ma`lum bo`lishicha, to`satdan orqa tomondan kelib tashlangan yirtqich bolaning bosh va elka qismini tishlay boshlagan. Ona farzandini sher og`zidan qutqarib qolgan. Voqea kechki payt, sherning egalari jonivorni uydan tashqariga aylantirish uchun olib chiqqan paytda yuz bergan.

Shundan so`ng, 18:40lar atrofida mazkur shifoxonaning travmatologiya va neyroxirurgiya bo`limi qabulxonasiga 2019 yilda tug`ilgan bemor S.M. ota-onasi bilan birgalikda murojaat qilgan.

Navbatchi shifokor ko`rigidan so`ng, u  “Boshning tepa sohasida, o`ng elkaning tepa uchligida va iyak qismida tishlangan jarohatlar“ tashxisi bilan  stasionar davolanish uchun yotqizilgan.

"Travmatologiya va neyroxirurgiya bo`limida shoshilinch ravishda barcha kerakli muolajalar o`tkazildi",- deydi muassasa bosh shifokori D.Sabirov.

—Jumladan, quturishga qarshi antirabik vaksina qo`llanilib,  jarohatlarga birlamchi jarrohlik ishlovlari berildi.  

Bemor muassasaga olib kelingan vaqtda  umumiy ahvoli o`rta og`irlikda baholangan. Hushi joyida bo`lsa-da, bezovta va qo`rquv alomatlari ko`zga tashlangan. Bosh sohasi rentgen va MSKT tekshiruvlaridan o`tkazilgan.  

Patologik sinish alomatlari kuzatilmagan. Yosh bemor neyroxirurg, nevrapatolog  va pediatr kabi qator mutaxassislar tomonidan  konsultasiya qilingan.

Shuningdek, unda qo`shimcha tarzda yuqori nafas yo`llarining yallig`lanishi belgilari bo`lgani uchun ko`krak qafasining rentgenografiyasi tekshiruvi o`tkazilgan. Pediatr tomonidan “O`tkir respirator infeksiya. Faringobronxit” tashxisi qo`yilib, davolashni davom ettirish va jarohatlarini nazorat qilib turish maqsadida torakal jarrohlik bo`limiga o`tkazilgan.

Hozir bolakayning umumiy ahvoli nisbatan qoniqarli. Davo muolajalari reja asosida davom ettirilmoqda.

Ta`kidlanishicha, Sog`liqni saqlash vazirligi bemorning ahvolini nazoratga olgan.

" 2-sonli klinik shifoxonaning travmatologiya va neyroxirurgiya bo`limi boshlig`i Ismat Nig`matov hamda Respublika bosh rabiologi Saidvoris G`aniev tomonidan bemorning holati muntazam tarzda tekshirib borilmoqda",-deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar