Farzandini davolatish uchun sahovatli insonlardan yordam so`rab internetda hisob ochgan angrenlik ayolning pullarini o`zlashtirib olgan maktab o`quvchisi ushlandi.
Bu haqda IIB xabar berdi.
Qayd etilishicha, Angren shahri “Taraqqiyot” MFYda yashovchi 45 yoshli fuqaro M.S. (ayol) IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Unda farzandini davolatish uchun moddiy yordam yig`ish maqsadida ijtimoiy tarmoqqa e`lon berganini, shundan so`ng plastik kartasi hisobiga 600 ming o`tkazishini aytib qo`ng`iroq qilgan noma`lum kimsa aksincha uning hisobidan 2 mln so`mni echib olganini ma`lum qilgan va holat yuzasidan qonuniy chora ko`rishni so`ragan.
Arizaga asosan, Toshkent viloyati IIB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish hamda shahar IIB JQB tezkor xodimlari tomonidan olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida ushbu jinoyatni – Qoraqalpog`iston Respublikasida yashovchi, 2004 yilda tug`ilgan J.A. (11 sinf o`quvchisi) sodir etganligi aniqlangan.
"Ushbu holat yuzasidan fuqaro J.A. ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda",-deyiladi xabarda.






