AsosiyJamiyat

O`zbekistonda 7 nafar IIO xodimi qiynoq uchun jazolandi

'O`zbekistonda 7 nafar IIO xodimi qiynoq uchun jazolandi'ning rasmi

Joriy yilning dastlabki uch oyida O`zbekistonda Ichki ishlar organlarining 7 nafar xodimiga mahbuslarni qiynoqqa solgani uchun chora ko`rilgan. Bu haqda bugun, 20 aprel kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili matbuot kotibi Fotima Madrahimova ma`lum qildi.

Qayd etilishicha, Bosh prokuratura tomonidan jinoyat ishini qo`zg`atishni rad qilish haqidagi 32 ta qarorning barvaqt qabul qilingani aniqlanib, bekor qilingan va 16 ta holatda aybdor xodimlarning xatti-harakatlariga nisbatan xizmat tekshiruvi o`tkazilgan.

Tekshiruv yakunlariga ko`ra, 11 ta shikoyat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat-prosessual kodeksining 83-moddasining tegishli bandlariga asosan jinoyat ishi qo`zg`atishni rad qilish haqida qabul qilingan qarorlar Ombudsmanning nazorat xatiga asosan yuqori turuvchi prokuratura organlari tomonidan bekor qilinib, qo`shimcha tekshiruv harakatlari o`tkazilgan. 

Ushbu shikoyatlar yuzasidan o`tkazilgan xizmat tekshiruvi yakunlariga ko`ra, 4 ta holatda ichki ishlar organlarining 7 nafar xodimga nisbatan intizomiy ta`sir choralari qo`llanilgan. 

Shuningdek, jazoni yoki ehtiyot chorasini engillashtirish yuzasidan mahkumlar (mahbuslar) tomonidan kelib tushgan murojaatlar yuzasidan Ombudsmanning xatiga asosan 13 ta murojaat bo`yicha tegishli sudlar tomonidan 59 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan jazolar engilrog`iga almashtirilgan va 2 nafar mahbusning ehtiyot choralari engilrog`iga o`zgartirilgan.

Ma`lumot uchun, AQSh Davlat departamentining Inson huquqlari masalasida 2021 yil yakunlari bo`yicha e`lon qilgan hisobotida O`zbekistonda qiynoqlarning oldini olish, tergov jarayonida shaxs qadr-qimmatining kamsitilishiga qarshi kurashish borasida Hukumat tomonidan sa`y-harakatlar amalga oshirilayotganiga qaramay, hamon tergovda qiynoq usullaridan foydalanish va tan oldirish amaliyoti mavjudligicha qolmoqdaligi aytilgan edi.

    Boshqa yangiliklar