Vazirlar Mahkamasining 148-son qarori bilan kiritilgan o`zgartirishlarga muvofiq, tadbirkorlik subektlari tomonidan mijozning tanishishi uchun qulay joylarda (asosan o`zaro hisob-kitoblar amalga oshiriladigan, shuningdek, kirish va xaridorga ochiq bo`lgan boshqa joylarda) quyidagi ma`lumotlar joylashtirilishi kerak:
- yuridik shaxslar – korxona nomi, STIR, joylashgan joyi (pochta manzili va ish rejimi) va ushbu ma`lumotlarni skanerlash imkonini beruvchi maxsus QR-kod;
- yakka tartibdagi tadbirkorlar – davlat ro`yxatidan o`tkazilganlik va ro`yxatdan o`tkazgan organning nomi, JShShIR hamda ushbu ma`lumotlarni skanerlash imkonini beruvchi maxsus QR-kod.
Bu soliq to`lovchilar faoliyati shaffofligini ta`minlash bilan birga, soliq huquqbuzarliklari haqida xabar berishda iste`molchilarga qulayliklar yaratadi.
Maxsus QR-kodni joylashtirmaslik savdo yoki xizmat ko`rsatish qoidalarini buzish deb hisoblanadi va Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 164-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 5 baravarigacha jarima solishga sabab bo`ladi.
Ma`lumot uchun, bugungi kunda Respublika bo`yicha 195 mingdan ortiq tadbirkorlik subektlarining shaxsiy kabinetlari orqali QR-kodlar shakllantirildi.
Ma`lumotlarni skanerlash imkonini beruvchi maxsus QR-kod soliq to`lovchining shaxsiy kabineti orqali soliq organlari tomonidan shakllantirib beriladi.






