DXX Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan amalga oshirilgan tezkor tadbir davomida Muzrabot tumanida yashovchi A.A.ning “Redmi 6 A” rusumli telefon apparati ko`zdan kechirilgan.
Tekshiruvda “Telegram” ijtimoiy tarmog`ida uning shaxsiy telefon raqamiga ochilgan profiliga xorijiy davlatga tegishli raqam foydalanuvchisi hisoblangan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi S.A.dan Shayx Obidxon qorining “Olimlarimizni himoya qilaylik”, Muhammad Rafiq qorining “Islomiy siyosat va xalifalik nima?” va Rashod qorining “Xalifalik haqida” nomli ma`ruzalari kelgani aniqlandi. Bu videomateriallarni u boshqalarga ham tarqatgani ma`lum bo`ldi.
Ushbu ma`ruzalar DVD+R diskiga ko`chirib olinib, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mitaga yuborildi.
Qo`mitaning xulosasiga ko`ra, ushbu videomateriallar amaldagi davlat tuzumini Konstitusiyaga xilof ravishda o`zgartirishga qaratilgan, ularni mamlakatimiz hududiga olib kirish va tarqatish taqiqlangan.
Davlat tuzumini Konstitusiyaga xilof ravishda o`zgartirishga xizmat qiladigan va aqidaparastlik g`oyalari bilan yo`g`rilgan materiallarni tarqatgan shaxsga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 159 va 244-moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






