AsosiyJamiyat

O`zbekistonda boj to`lovlaridan ozod qilingan elektromobillar ulushi nega o`smayapti? Mutaxassislar javob berdi

'O`zbekistonda boj to`lovlaridan ozod qilingan elektromobillar ulushi nega o`smayapti? Mutaxassislar javob berdi'ning rasmi

Bugungi kunga kelib, elektromobillar sezilarli darajada ommalashdi. Elektromobillar bozori Evropada ham MDH mamlakatlarida ham o`sib bormoqda. Agar 2020 yilda jahon bozirida elektromobillar 3 million donani tashkil etgan bo`lsa, 2021 yilga kelib bu ko`rsatkich 3 barobarga oshib, 9 million donaga etdi. 2022 yilning o`rtalariga kelib, butun dunyoda elektromobillarning soni 20 millionga etishi kutilmoqda.  

Dunyoda elektromobillarni ishlab chiqarish bo`yicha Norvegiya etakchilik qilib kelmoqda – 2021 yilda elektromobillar mamlakatdagi barcha avtomobillar savdosining 65 %ini tashkil qilgan. Agar Evropaning boshqa davlatlariga nazar tashlaydigan bo`lsak, 2035 yilga kelib elektromobillar ulushi Niderlandiyada (99 foiz), Norvegiya (99 foiz), Shvesiya (80 foiz), Daniya (54 foiz) va Germaniyada (51 foiz) kutilmoqda.

Ba`zi mamlakatlarda elektromobillarni nima mashhur qiladi? Birinchi navbatda, transport vositasining  tejamkorligi va ekologik tozaligi. Iste`molchilarning elektrokarlarni tanlashi nafaqat yoqilg`ini tejash istagi bilan bog`liq, balki ichki yonuv dvigatelidan foydalanganda muqarrar bo`lgan chiqindilardan atrof-muhitni himoya qilish istagi bilan bog`liq. Elektromobillarning an`anaviy avtomobillardan ustunligi ularning past ekspluatasiya xarajatlaridadir. Agar elektromobil 100 kilometrga (13 kVt/soat) 3800 so`m elektr energiyasini sarflasa, an`anaviy avtomobil o`rtacha 52 ming so`mga 8 litr yoqilg`ini sarflaydi, bu esa elektromobilnikidan 13 barobarga ko`pdir. Shunday qilib, yoqilg`i tejamkorligi yiliga 10 million so`mni tashkil etadi (yiliga taxminan 20 000 km probeg hisobga olgan holda).  Shuningdek, elektromobillarni tanlashda mamlakatning ekologik holatidan ko`proq manfaatdor bo`lgan davlat tomonidan qo`llab-quvvatlanishi muhim omil hisoblanadi. Elektromobillardan foydalanishda etakchi bo`lgan barcha mamlakatlar  elektromobillarni xarid qilmoqchi bo`lgan iste`molchilarga ularni qo`llab quvvatlash uchun subsidiyalar beradi. Masalan, elektromobil uchun ushbu subsidiya Germaniyada 10 000 dollarga, Fransiyada 8 000 dollargacha va Xitoyda 3 500 dollargacha etadi.  

O`zbekistonda elektromobillar

So`nggi yillarda O`zbekistonda ham “Yashil transport”ni rivojlantirishga e`tibor qaratilmoqda. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “Yangi O`zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to`g`risida”gi PF-60-son Farmoni mamlakatimizda elektromobillar ishlab chiqarish va ulardan foydalanishni kengaytirishga, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan. Bundan tashqari, hukumat qarori bilan 2019 yilda elektromobil uchun boj to`lovi bekor qilindi. Biroq ushbu chora-tadbirlar elektromobillar ulushining o`sishiga olib kelmadi. Ayni paytda O`zbekiston avtomobil yo`llarida 2 mingdan ortiq elektromobil bor. Ekspertlarning fikricha, bu holat ko`p jihatdan elektromobillarning yuqori narxligi, shuningdek, zarur infratuzilmaning yo`qligi (butun O`zbekiston bo`yicha atigi 36 ta zaryadlash stansiyasi mavjud) bilan bog`liq.

Hukumat qaroriga muvofiq, “O`zavtosanoat” AJ O`zbekistonda elektromobillar ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish dasturini ishga tushirdi. Joriy yilning fevral oyida “O`zavtosanoat” AJ Xitoyning eng yirik elekromobil ishlab chiqaruvchi kompaniyasi BYD Auto Industry Ltd. bilan o`zaro Anglashinuv Memorandumini imzolagan.

Hamkorlik doirasida tomonlar engil avtomobillar hamda avtobuslarni ishlab chiqarish bo`yicha qo`shma loyihani O`zbekistonning yangi energiya manbaida (NEV- gibridlar, elektromobillar va elektroavtobuslar) amalga oshirish imkoniyatlarini o`rganishni kelishib olishdi. Shuningdek, loyiha o`z ichiga savdo va servis xizmat ko`rsatish shu jumladan, elektromobillar akkumulyatorlari hamda elektrodvigatellarga texnik xizmat ko`rsatish tarmog`larini yaratishni o`z ichiga oladi.

Kelishuvga ko`ra, joriy yilning may oyidan boshlab taqdim etilgan namunalar asosida O`zbekistondagi elektromobillar bozori o`rganiladi. O`rganilgan ma`lumotlar loyiha uchun biznes-rejani ishlab chiqishga imkon beradi, loyihani amalga oshirishning keyingi bosqichida ishlab chiqarish to`g`risida shartnoma imzolash va qo`shma korxona tashkil etish bo`ladi.

Ma`lumot uchun, BYD Auto Industry Ltd– BYD Co Ltd transmilliy kompaniyasiga tegishli korxona bo`lib, u yangi energiya manbalaridan (NEV) foydalangan holda transport vositalarini ishlab chiqaradi. Turli mamlakatlarda 8 ta zavodga, R&D markazlari ega bo`lib, NEW savdosi bo`yicha dunyoda 2-o`rinni, Xitoyda esa 1-o`rinni egallaydi. Time jurnali talqiniga ko`ra, kompaniya dunyoning 100 ta eng nufuzli kompaniyalari ro`yxatidan Teslani siqib chiqarib, reytingga kirdi.

    Boshqa yangiliklar