Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Abduqodir Toshqulov Qarshi davlat universitetining iqtidorli talaba-yoshlari bilan ochiq muloqot o`tkazdi.
Uchrashuvda vazir talabalarning 2022 yil magistraturaga o`qishga qabul qilish tartibi haqidagi savolga javob berdi.
– Shu savolga javob berish asnosida sizni yangi o`zgarishdan xabardor qilmoqchiman, – dedi A.Toshqulov. – Joriy yilda magistraturaga o`qishga kirish uchun mutaxassislik fanlaridan imtihonlarni bekor qilish tartibini ko`rib chiqyapmiz. O`zi shunday ham talaba 8 semestr davomida mutaxassislik fanlaridan kerakli ko`nikma va bilimni egallaydi. Magistratura mutaxassisliklari bo`yicha o`qishga kirish uchun chet tilini bilish darajasi to`g`risidagi malaka sertifikati hamda bakalavr diplomining o`rtacha bali hisobga olinadi. Hozirda ushbu taklif o`rganilyapti.
Muloqotda, shuningdek, san`atshunoslik ta`lim yo`nalishida tahsil olayotgan talabalar uchun ham alohida davlat stipendiyalarini tashkil qilish, bakalavriat bosqichida xorijiy tillarni o`rganish bo`yicha o`quv soatlarini ko`paytirish, madaniyat va san`at muassasalarini tashkil etish, xorijiy tillarni o`rgatishga moslashgan volontyorlik markazlarini ochish, koreys tilini ikkinchi chet tili sifatida o`quv rejaga kiritish kabi bir qator masalalar yuzasidan takliflar o`rtaga tashlandi.