AsosiyJamiyat

Olisda joylashgan mahallalarda 1002 ta tibbiyot punktlari tashkil etiladi

'Olisda joylashgan mahallalarda 1002 ta tibbiyot punktlari tashkil etiladi'ning rasmi

“Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi Prezident qarori (PQ–215-son, 25.04.2022 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qarorga ko`ra:

  • hududlarda 2023 yil 1 yanvardan joylardagi oilaviy poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi;
  • oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) ko`p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi stasionar ish vaqti soat 20:00 gacha uzaytiriladi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun 2022 yil 1 iyundan qo`shimcha ustama haqi belgilanadi;
  • 2022 yil 1 maydan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan olis masofada joylashgan mahallalarda mahalla tibbiyot punktlari tashkil etiladi (2022 yilda jami 1002 ta);
  • aholining profilaktik tibbiy ko`riklari, skrining dasturlar va patronaj xizmati faqat Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq va belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi, boshqa tashkilotlarning ushbu jarayonga aralashuviga yo`l qo`yilmaydi.

2022 yil 1 iyuldan:

  • olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qo`shimcha 2 million so`m miqdorida har oylik ustama belgilanadi hamda ularga ipoteka asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi, biroq BHMning 500 barobaridan (135 mln so`mdan) oshmagan miqdorda qoplab beriladi;
  • olis va chekka hududlarda uzluksiz 3 yil ishlagan shifokorlar klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilinadi.

2022 yil 1 sentyabrdan shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishga ruxsat beriladi.

Buning uchun alohida tibbiyot muassasasi ochish talab etilmaydi va ushbu toifadagi shifokorlarga o`z uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar ko`rsatishi mumkin.

Mazkur tajriba dastlab 2022 yil yakunigacha Sirdaryo viloyatida, keyinchalik esa bosqichma-bosqich boshqa hududlarda joriy etiladi.

2022 yil 1 avgustdan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarning ish samaradorligini baholash bo`yicha yangi reyting tizimi joriy qilinadi. Bunda:

  • hududda ortiqcha vazndan xalos bo`lish, to`g`ri ovqatlanish tamoyillariga rioya etish, jismoniy faollikni oshirish, infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish bo`yicha ko`rsatkichlar asosiy mezonlar bo`ladi;
  • har 6 oyda ijobiy ko`rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari rag`batlantiriladi hamda eng yaxshi natija ko`rsatgan tibbiyot muassasasi mukofot va qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlanadi;
  • ushbu tizim 2022 yilda Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 11 ta hamda Namangan viloyatining Uychi tumanidagi 12 ta oilaviy shifokor punkti va oilaviy poliklinikalarda, 2023 yildan bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etiladi.

2022 yil 1 sentyabrdan tibbiyot tizimi rahbarlarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda mahalla fuqarolar yig`inlarida hisobot berish tartibi joriy qilinadi.

2022 yil 1 noyabrgacha davlat tomonidan aholiga bepul ko`rsatiladigan tibbiy xizmatlar va beriladigan dori vositalari hajmi to`g`risidagi ma`lumotlarni taqdim etish imkonini beruvchi mobil ilova yaratiladi.

2022 yil yakunigacha Andijon, Buxoro va Xorazm viloyatlaridagi tibbiyot OTM klinikalarining neyroxirurgiya bo`limlari negizida yuridik maqomga ega bo`lmagan hududlararo neyroxirurgik markazlar tashkil etiladi.

Qaror bilan o`z mahallasida sog`lom turmush tarzini targ`ib qilgan, shaxsiy namuna ko`rsatgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun “Xalq salomatligi posboni” ko`krak nishoni ta`sis etildi.

2022 yil 1 iyundan qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlari gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlanishi yo`lga qo`yiladi.

Har yili 1 000 nafargacha imtiyozi bo`lmagan, uzoq yillar davlat tibbiyot muassasalarida ishlayotgan bemor xodimlarga yuqori texnologik operasiyalar sug`urta badallari hisobidan o`tkaziladi.

    Boshqa yangiliklar