Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Oltinko`l tumani va Andijon shahrida imtiyozli kredit mablag`larini o`zlashtirgan MChJ rahbarlari aniqlangani haqida xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Oltinko`l tumani bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “M.p.” MChJ rahbari M.P. va fuqaro I.R. ATB “Mikrokreditbank”ning Oltinko`l bank xizmatlari markazi mas`ul shaxslari bilan til biriktirib, quyonchilikni tashkil qilish maqsadida ajratilgan 300 mln so`m imtiyozli kreditni go`yoki quyon, quyon qafaslari hamda em sotib olish uchun M.P.ning rahbarligidagi boshqa bir MChJ “M.s.”ga o`tkazib, soxta ma`lumotlar asosida kredit mablag`ini korporativ karta orqali naqdlashtirib olib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Andijon shahar bo`limi tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “L.a.” MChJ rahbari N.X. va boshqalar 20 nafar fuqaroga limon etishtirishga mo`ljallangan issiqxona qurib berish uchun ta`minotchi korxona sifatida bank muassasasidan ajratilgan 100,2 mln so`m kreditni fuqarolarning ishonchiga kirib, issiqxona qurilganligi haqidagi hujjatlarga imzo qo`ydirib olib talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






