Jizzax viloyatining Forish tumani "Egizbuloq" mahallasidagi seldan zarar ko`rgan 43 ta xonadonda tozalash ishlari yakunlandi. Mazkur xonadonlardan 1184 tonna chiqindi olib chiqildi. Bu haqda «Daryo»ga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari Farrux Abdurahmonov xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, hududdagi tozalash ishlari 913 nafar hasharchi hamda 108 texnika yordamida amalga oshirilgan.
Ta`kidlanishicha, hududdagi talafot etgan qabriston tiklanib, kanalizasiya tizimlari, suv tozalash inshootlari soz holatga keltirilmoqda. Shu bilan bir qatorda mazkur ob`ektlarda ham dezinfeksiya tadbirlari amalga oshirildi. Shuningdek, zararlangan hududlarda to`plangan 29 bosh uy hayvonlari jasadi sanitariya qoidalariga muvofiq ko`milgan. Shu bilan bir qatorda 3 ta tez tibbiy yordam brigadasi hamda 158 nafar tibbiyot xodimi tomonidan aholini tibbiy ko`rikdan o`tkazish ishlari tashkil etilib, 6 turdagi dori hamda antiseptik vositalar tarqatilmoqda.
Qo`shimcha qilinishicha, seldan jabrlangan aholiga zaruriy yordam ko`rsatishni tashkil etish maqsadida, Favqulodda vaziyatlar vazirligining +998955041050 hamda Jizzax viloyati FVBning 1050, 101 Call-center faoliyati yo`lga qo`yilib, murojaatlar qabul qilinishi tashkil etilgan.
"Hozirga qadar fuqarolardan jami 500 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Ularning murojaatlari bo`yicha tizimlashtirilgan holda zarur tadbirlar ko`rilib, o`z vaqtida yordam ko`rsatilmoqda. Bundan tashqari, mahalla hududida seldan talafot ko`rganlarga gumanitar yordam ko`rsatish shtabiga nafaqat Jizzax viloyatidan, balki respublikamizning boshqa hududlaridan ham oziq-ovqat, qishloq xo`jalik mahsulotlari, kiyim-kechak, qurilish materiallari karvonlari kelyapti. Ushbu gumanitar yordamlar seldan talafot ko`rgan aholiga etkazib berilmoqda", — deydi Farrux Abdurahmonov.






