Italiyaning Paduya shahrida yashovchi anoreksiya kasalligidan aziyat chekkan qiz Instagram ijtimoiy tarmog`i orqali davolanganligini tan oldi, deb xabar berdi “Lenta.ru” nashri.
2013 yilda Silviya Fashansning bo`yi 177 santimetr bo`lishiga qaramay, vazni 44 kilogrammni tashkil etgan. Qizning aytishicha, uning ozib ketishiga buvisining o`limi va yolg`iz qolganligi, depressiyaga tushganligi, undan dugonalarining ham yuz o`girgani sabab bo`lgan. Qiz Instagram ijtimoiy tarmog`i orqali anoreksiyadan aziyat chekkan qizlarning sport va to`g`ri ovqatlanish orqali asl hollariga qaytganligini bilib olgan.
Ulardan ibrat olgan italiyalik qiz trenajyor zaliga qatnab, ovqatlanish tartibiga e`tibor bergan, hozirda 22 yoshli qiz mashg`ulotlari aks etgan videoroliklarni muntazam ravishda ijtimoiy tarmoqqa joylab boradi.
Uning sahifasidagi yangiliklarni 15 mingdan ortiq foydalanuvchi kuzatib boradi.