AsosiyJamiyat

Xarid cheklari uchun berilayotgan keshbeklar haqida batafsil

'Xarid cheklari uchun berilayotgan keshbeklar haqida batafsil'ning rasmi

Joriy yilning o`tgan davrida iste`molchilarga onlayn nazorat-kassa texnikalaridan berilgan cheklar soni 184,6 mln. tani tashkil etmoqda. Bu o`tgan yilning mos davriga nisbatan 1,8 baravarga (80,8 mln.) ko`p demakdir. Birinchi chorak davomida onlayn-kassalardan 147,1 mln. ta chek chop etilgan bo`lsa, 2021 yil 1-choragida 80,9 mln. ta chek chop etilgan. Bu haqda 28 aprel kuni Davlat soliq qo`mitasi tomonidan “Servis sohasida yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish” mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida ma`lum qilindi. 

2021 yil 4 oktyabrda qabul qilingan 5252-sonli Prezident qaroriga muvofiq, Davlat soliq qo`mitasi tomonidan 2022 yil 1 yanvardan jismoniy shaxslarga xarid summasidan 1 foiz qaytarish (keshbek) amaliyotining joriy etilishi ham savdo va xizmat ko`rsatish sohasida jamoatchilik nazoratini mustahkamlab, yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Quyida mazkur amaliyotga doir ko`p tug`ilayotgan savollarga javoblar keltirilgan:

Keshbek qachon to`lovga chiqariladi?

Onlayn-NKM va virtual kassa cheklarini Soliq mobil ilovasida ro`yxatdan o`tkazgan jismoniy shaxslarga xarid summasidan 1% keshbek to`lash har oy yakuni bilan keyingi oyning 21-25-sanalarida amalga oshiriladi. Ya`ni, aprel oyida ro`yxatdan o`tkazilgan cheklar uchun hisoblangan keshbek summasi may oyining 21-25-sanalarida to`lovga chiqariladi.

To`lovlar qaysi hisobga tushadi?

Iste`molchilar tasdiqlangan keshbek summalarini mobil ilovaga biriktirilgan bank kartasiga o`tkazib olishi mumkin. 

Nega bunchalik kech tushadi?

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, soliq to`lovchilar tomonidan soliq hisobotlarini taqdim etish muddatlari hisobot oyidan keyingi oyning 20-sanasigacha etib belgilangan. Shuningdek, xarid qilingan tovarlar qaytarilgan taqdirda tadbirkorlik sub`ektlarida xarid cheklariga tuzatish kiritish imkoniyati beriladi.

Shu paytgacha qancha keshbek summasi to`landi?

Iste`molchilar tomonidan joriy yil I choragi davomida 11,6 mln.ta chek ro`yxatdan o`tkazilgan, ularning umumiy xarid summasi 10,7 trln. so`mdan ziyod. Ushbu cheklarga 107,1 mlrd. so`m keshbek hisoblangan. Iste`molchilarga to`langan jami keshbek summasi 58,9 mlrd. so`mni tashkil etmoqda.

Bekor qilinganlari-chi?

Mahsulot va xizmatlarning identifikasiya kodi (MXIK) noto`g`ri ko`rsatilganligi yoki sotuvchi tomonidan noto`g`ri urilgan cheklar bekor qilinganligi sababli hisoblangan 9,5 mlrd. so`m keshbek bekor qilingan.

Nega ayrim keshbek to`lovlari kechikmoqda?

Bugungi kunda:

  • 7 244 ta tadbirkorlik sub`ekti tomonidan soliq qarzi to`lanmaganligi sababli 7,1 mlrd. so`m;
  • 11 437 ta tadbirkorlik sub`ekti tomonidan hisobotlardagi kamchiliklar tuzatilmaganligi sababli 14,6 mlrd. so`m keshbek mablag`lari to`lanmasdan qolmoqda;
  • yana 988 nafar foydalanuvchi tomonidan 62,1 mingta chek uchun hisoblangan 16,6 mlrd. so`m keshbek shubhali (quyida izoh berilmoqda) bo`lgani sababli o`rganish natijasidan kelib chiqib to`lab beriladi.

 

Keshbek hisoblanishi yoki hisoblanmasligi

Xarid cheklarida MXIK to`g`ri ko`rsatilgan barcha tovar (xizmat)lar uchun keshbek hisoblanadi. MXIK ko`rsatilmagan yoki mavjud bo`lmagan identifikasiya kodi aks ettirilgan mahsulot (tovar va xizmat)lar summasiga keshbek hisoblanmaydi.

“Shubhali haridorlar” kimlar?

Iste`molchi keshbekka ega bo`lishi uchun xarid chekini ro`yxatdan o`tkazganda uni avval boshqa foydalanuvchi ro`yxatdan o`tkazgan bo`lsa, haqiqatda xaridni amalga oshirgan shaxs ushbu foydalanuvchi ustidan shikoyat yo`llashi mumkin. Bunda bitta foydalanuvchiga nisbatan shikoyatlar soni 15 ta va undan ko`p bo`lsa, ushbu foydalanuvchi “shubhali xaridor” deb hisoblanadi hamda joriy oy uchun hisoblangan keshbeklari bekor qilinadi, chekni ro`yxatdan o`tkazish imkoniyati cheklanadi.

Ishbilarmonlar!

Bundan tashqari, keshbek amaliyoti davomida nazorat-kassa texnikalariga texnik xizmat ko`rsatish markazlari (TXKM) xodimlari vazifalarini suiiste`mol qilib, o`zgalar tomonidan amalga oshirilgan xarid uchun shakllangan cheklarni o`z nomidan ro`yxatdan o`tkazish holatlari aniqlanmoqda. Xususan, 3 nafar TXKM xodimi tomonidan o`zlari xizmat ko`rsatayotgan 281 ta tadbirkorlik sub`ektining 11 mlrd. so`mlik 15,9 mingta xarid cheki ro`yxatdan o`tkazilgan. Ushbu shaxslar tomonidan xaridni amalga oshirmasdan ro`yxatga olingan cheklar uchun hisoblangan keshbek summasi bekor qilingan. 

 

Haridingiz uchun sotuvchilardan maxsus QR-kodli chek talab qiling. Chekingizni “Soliq.uz” ilovasi orqali ro`yxatdan o`tkazing va haridingizning 1 foizi miqdorida keshbekka ega bo`ling.

    Boshqa yangiliklar