AsosiyJamiyat

"Darsda 3-4 bola o`tiradi, o`qituvchilar so`kadi, xodimlar ishga kelmay oylik oladi..." "darakchi.uz"da e`lon qilingan murojaatga XTB munosabat bildirdi

'"Darsda 3-4 bola o`tiradi, o`qituvchilar so`kadi, xodimlar ishga kelmay oylik oladi..." "darakchi.uz"da e`lon qilingan murojaatga XTB munosabat bildirdi'ning rasmi

Avvalroq, "darakchi.uz"da Oltinsoy tumani, “Obshir” qishlog`ida yashovchi ota-onalar tomonidan tumandagi 21-maktabda darslar qoniqarsiz o`tilishi, o`qituvchilarning o`quvchilarga munosabati va qilinayotgan shikoyatlar mas`ullar tomonidan e`tiborsiz qoldirilayotgani haqida video murojaat e`lon qilingan edi. 

"Maktabda davomat juda past, bir sinfdan darslarda 3-4 nafargina bola o`tiradi, ular ham o`qituvchilarning farzandlari. Darslar yaxshi o`tilmaydi. O`qituvchilar o`quvchilarga juda yomon, so`kinib munosabatda bo`lishadi, bu haqda video qilib olingan dalillarimiz ham bor. Xodimlar ishga kelmay oylik oladi, buni surishtirib o`rganib ham chiqdik. Bolalarni olib ketish uchun talon ham bermaydi. 3-4 marta tuman Xalq ta`limi bo`limiga murojaat qildik, umuman foydasi bo`lgani yo`q. Tuman hokimligiga chiqdik, tuman prokuraturasiga chiqdik. Hech kim bizga yordam bermayapti, bolalarimizni o`yinchoq qilishyapti", - degan edi qishloq fuqarolari nomidan Lutfulla Umbarov. 

Xalq ta`limi vazirligi "darakchi.uz"ga Oltinsoy tumani xalq ta`limi bo`limining munosabatini taqdim etdi. 

"Oltinsoy tumani xalq ta`limi bo`limi tomonidan tumandagi 21-sonli umumta`lim maktabi, ota-onalarning murojaatlari bo`yicha o`rganilib yuqori tashkilotlarga tegishli ma`lumotlar berib borilgan. Video murojat qilingan vaqtda tuman xalq ta`limi bo`limi mudiri T.N.Elnazarov viloyat hokimi selektor yig`ilishida ishtirok etayotgan edi.

21-sonli umumta`lim maktabi va rahbarlarining ish faoliyati viloyat xalq ta`limi boshqarmasining ishchi guruhi tomonidan o`rganib chiqilib maktab direktori T.Jumaevning ish faoliyati to`g`risida Xalq deputatlari Oltinsoy tuman Kengashiga muxokama uchun taqdim qilingan, maktab direktori T.Jumaev mehnatga layoqatsizlik kasallik varaqasida bo`lganligi sababli uning ishtirokisiz faoliyatini muxokama qilish qonunga zid ekanligini inobatga olib boshqa muddatga qoldirilgan.

Maktab o`quvchilarining ota-onalari farzandlarini qo`shni 65-sonli umumta`lim maktabiga ko`chirish uchun o`quvchilarga ketish talonlarini o`z vaqtida berish tashkil qilinganligi, 21-sonli umumta`lim maktabida o`quvchi soni kamayganligi, maktabda o`qituvchilarning ish haqilarini qonuniy hisob-kitob qilish va ota-onalar murojaatlarini ijobiy o`rganib chiqish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining ichki AUDIT boshqarmasi xodimlari tomonidan o`rnatilgan tartibda o`rganib chiqildi, o`rganish materiallarini Xalq ta`limi vazirligining ichki AUDIT boshqarmasiga va murojaat muallifiga taqdim qilinishini ma`lum qilamiz", - deyiladi rasmiy munosabatda.  

"darakchi.uz" munosabatda keltirilgan ma`lumotlar haqqoniyligi va qilingan ishlar natijasini bilish uchun maktab ota-onalari bilan bog`lanadi. Natijalar e`lon qilinadi. 

    Boshqa yangiliklar