Iraklion shahrida o`tkazilayotgan yoshlar o`rtasidagi dunyo birinchiligida yigitlar o`rtasida -102 kg vazn toifasidagi bahslar hamyurtimiz Sharofiddin Amriddinovning g`alabasi bilan yakunlandi.
Polvonimiz dast ko`tarish mashqida 168 kg natija bilan kumush medalni qo`lga kiritdi. Siltab ko`tarish mashqida esa 204 kg oltin medalni naqd qildi. E`tiborlisi, har ikki mashq yakunida 372 kg natija qayd etgan polvonimiz chempionlikni tantana qildi.
Og`ir atletika bo`yicha U-20 JCh
Yigitlar, -102 kg:
1. Sharofiddin Amriddinov (O`zbekiston) – 372 (168+204) kg
2. Petros Petrosyan (Armaniston) – 363 (161+202) kg
3. Muhammad Hamada (Falastin) – 361 (168+193) kg
Qayd etish joiz, ushbu vazn Olimpiada chempionlari Ruslan Nurudinov va Akbar Jo`raev ishtirok etadigan toifaga juda yaqin. Yosh o`g`lonimizning ushbu g`alabasi og`ir vazn toifasida yana bir o`zbek yigitining katta sahnaga chiqayotgani, Nurudinov va Jo`raevga munosib o`rindosh etishib chiqayotganidan dalolat beradi.
O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi ushbu oltin medal bilan O`zbekiston og`ir atletika federasiyasi, sportchimiz va uning murabbiyini tabriklab, bir ozdan so`ng ishtirok etadigan Tursunoy Jabborovaga ham chiroyli g`alabalar tilab qoladi.






