Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplaens-nazorati tuzilmalari bilan samarali hamkorlik yo`lga qo`yilganligi natijasida, bank mablag`larining talon-toroj qilinishi bo`yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan o`z vaqtida qonuniy choralar ko`rilmoqda
Xususan, Departamentning Sho`rchi tuman bo`limi tomonidan “Qishloq qurilish bank” ATB Sho`rchi filialining murojaatiga asosan tergovga qadar tekshiruv o`tkazildi.
Unda, “K.J.” MChJ rahbari B.E. garov ta`minoti sifatida qo`yilgan bino-inshootlarni soxta hujjatlar orqali haqiqiy narxidan 186 mln so`mga sun`iy ravishda oshirgan holda baholatib, non ishlab chiqarish sexi va savdo do`koni qurish uchun 2 mlrd so`m kredit ajratilishiga erishib, ushbu mablag`ni o`zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborib, talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Oqqo`rg`on tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tumandagi “P.” MChJ rahbari A.T. ATB “Mikrokreditbank”ning Oqqo`rg`on filialidan makaron mahsulotlari ishlab chiqarish uskunasini sotib olish uchun 750 mln so`m kredit ajratilishiga erishib, ushbu kredit mablag`ini “A-K.” MChJga o`tkazish orqali naqdlashtirib olib, talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Shuningdek, “P.K.” xususiy korxonasi rahbari K.P. “Turonbank” ATB Termiz filialidan zamonaviy issiqxona qurish orqali limonchilik faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan 400 mln so`m kredit mablag`ini o`zi norasmiy ravishda rahbarlik qilib kelgan “K.B.” MChJga soxta shartnoma asosida o`tkazib, issiqxona tashkil etmasdan, talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, “N.Ya.” MChJ rahbari D.Q. “Ipoteka bank” ATIB Surxondaryo filialidan baliqchilik xo`jaligini rivojlantirish maqsadida 300 mln so`m kredit ajratilishiga erishib, kredit mablag`ini o`zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab, talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.