AsosiyJamiyat

O`quvchisini dars tayyorlamay kelgani uchun urgan surxondaryolik ingliz tili o`qituvchisi ishdan bo`shatildi

'O`quvchisini dars tayyorlamay kelgani uchun urgan surxondaryolik ingliz tili o`qituvchisi ishdan bo`shatildi'ning rasmi

Bugun Surxondaryo viloyati, Bandixon tumanidagi, 4-maktabda ingliz tili fani o`qituvchisi 9-sinf o`quvchisini dars mashg`ulotlariga tayyorgarlik ko`rmasdan kelganligi uchun urgani xabar qilingan edi. 

Bosh prokuratura matbuot xizmati holat yuzasidan Bandixon tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlanganini ma`lum qildi. 

Xalq ta`limi vazirligi o`qituvchining o`quvchilarga kuch ishlatish holatini keskin qoraladi.

Viloyat xalq ta`lim boshqarmasining ishchi guruhi tomonidan olib borilgan o`rganish natijalariga ko`ra, maktab 360 o`quvchi o`rniga ega. Maktabda 361 nafar o`quvchilarga 28 nafar pedagog xodimlar ta`lim-tarbiya berib kelmoqda. Maktabda darslar 2 navbatda olib boriladi. Maktab direktori X.B 2003 yil yanvar oyidan ushbu lavozimda faoliyat ko`rsatib kelmoqda.

Ma`lumot uchun: Maktabning ingliz tili fani o`qituvchisi Yu.Sh 1992 yil 17 avgustda Bandixon tumanida tug`ilgan, uylanmagan. Ma`lumoti oliy, 2019 yil O`zbekiston Jahon tillari universitetining Ingliz tili va adabiyoti fakultetini tamomlagan, 2019 yildan Bandixon tumanidagi 4-sonli maktabga ishga qabul qilingan.

O`qituvchi tomonidan o`quvchini kaltaklagan holati 2022 yil 27 aprel kuni sodir bo`lgan bo`lib, 15 may kuni ijtimoiy tarmoqlarga chiqarilgan. 

Ingliz tili o`qituvchisi Yu.Sh 2022 yil 27 aprel kuni  9-B-sinf o`quvchilariga dars mashg`ulotlarini o`tgan. Dars davomida 9-B-sinf rahbari E.J sinf xonaga kirib kelib, 9-B-sinf o`quvchilarining o`zaro janjalini ijtimoiy tarmoqqa kim tarqatganligini muhokama qilgan. 9-B-sinf o`quvchisi X.I 9-B-sinf rahbari E.J va Ingliz tili fani o`qituvchisi Yu.Sh ga gap qaytargani uchun Yu.Sh jahl ustida X.I ni kaltaklagan. Ushbu holat 9-B-sinf o`quvchilari tomonidan videotasvirga olingan va 15 may kuni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilgan.

Maktabda ta`lim-tarbiya ishlarini hamda pedagog xodimlarning odob-axloq qoidalari va ichki mehnat tartib qoidalariga amal qilishini etarli ravishda nazorat qilmaganligi uchun Bandixon tumani 4-maktab direktori X.B dan mehnat shartnomasini bekor qilish to`g`risida boshqarma boshlig`i nomiga arizasi olindi.

Maktabning ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari O.S, o`quv ishlar bo`yicha direktor o`rinbosari N.A va Ingliz tili fani o`qituvchisi Yu.Sh va 9-B-sinf rahbari E.J bilan tuzilgan mehnat shartnomasi belgilangan tartibda bekor qilindi.

    Boshqa yangiliklar