Bosh prokuratura huzuridagi Departament organlari tomonidan banklarning komplaens-nazorati tuzilmalari bilan hamkorlik doirasida pul mablag`larining talon-toroj qilinishi bo`yicha aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan o`z vaqtida qonuniy choralar ko`rilmoqda.
Xususan, Qorako`l tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tumandagi bank filiali tomonidan “Sh.O.” MChJga yangi to`quvchilik dastgohlarini sotib olish maqsadida ajratilgan 2 mlrd so`m miqdoridagi kreditning 68,1 ming AQSh dollarini naqdlashtirib olib, qolgan 124,6 ming AQSh dollarini o`ziga tegishli bo`lgan “N.L.” MChJga o`tkazib, jinoyatini fosh bo`lishini oldini olish maqsadida eski yaroqsiz dastgohlarni olib kelganligi, shuningdek, MChJning moliyaviy natijalari to`g`risidagi hisobotiga soxta ma`lumotlar kiritib, qasddan bankrotlikka olib kelganligi aniqlangan.
Shu kabi, Farg`ona shahrida faoliyat yurituvchi “T.U.” MChJ rahbari D.M. va boshqalar oldindan til biriktirib, aslida boshqaga tegishli “Savdo va maishiy xizmat ko`rsatish shahobchasi” bino-inshootini soxta hujjatlar asosida go`yoki o`ziga tegishli qilib ko`rsatib, 1,8 mlrd so`mga baholab, kredit ta`minoti sifatida garovga qo`yib, trikotaj ishlab chiqarish dastgohi sotib olish uchun ajratilgan 1 mlrd so`m imtiyozli kreditni boshqa MChJga o`tkazish orqali talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Yoki, Qo`qon shahrida “B.E.” MChJ rahbari S.Y. fuqaro R. bilan o`zaro til biriktirib, “O.B.” MChJga ajratilgan kredit hisobidan qurilish mahsulotlari sotib olishida yordam berish evaziga kredit mablag`ining 700 mln so`mini “B.E.” MChJga o`tkazib, talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Qarshi shahrida yashovchi fuqaro J.B. “Y.T.” MChJ va ukasi nomidagi YaTT “B.B.”ni boshqarib kelib, viloyat tijorat banki filialidan aylanma mablag`larni to`ldirish va issiqxona qurish uchun ajratilgan 443,3 mln so`m imtiyozli kredit mablag`ini talon-toroj qilganligi, shuningdek, garov ta`minoti sifatida qo`yilgan “Tracker” rusumli avtotransport vositasini soxta hujjatlar orqali garovdan chiqarib, taqiqqa qo`yilgan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etganligi aniqlangan.
Shirin shahrida faoliyat yurituvchi “G.H.” va “S.E.” MChJlar rahbari S.T. hududiy tijorat banki filialidan mebel ishlab chiqarish faoliyatini yo`lga qo`yish uchun ajratilgan 450 mln so`m imtiyozli kredit mablag`ini belgilangan faoliyat turiga yo`naltirmasdan, o`zlashtirish yo`li bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, Xovos tumanida faoliyat yurituvchi “K.o.” MChJ rahbari M.U. bank filialidan ajratilgan kredit mablag`i evaziga Qozog`iston Respublikasidan olib kelingan 107 bosh chorva mollarini fuqarolarga naqd pulga sotib yuborib, 420 mln so`m imtiyozli kredit mablag`ini talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.