Ayni damda ayollar huquqlari bo`yicha joylarda 140 nafar trenerlar uchun o`quv kurslari bo`lib o`tmoqda.
Mazkur tadbirlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo`llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF–87-son Farmoni ijrosini ta`minlashga qaratilgan. Bu haqda O`zbekiston respublikasi Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, o`quv seminarining asosiy maqsadi hududlarda targ`ibot tadbirlarini tashkil etuvchi trenerlarning xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari, xotin-qizlar huquqlari hamda ularga berilayotgan imtiyozlar mazmun-mohiyati haqida bilim va ko`nikmalarini kuchaytirish hisoblanadi.
"Seminarda ishtirokchilarga gender tengligi, ayollarning mehnatga oid huquqlari, ayollarni ijtimoiy himoya qilish va ularni tadbirkorlikka keng jalb etish masalasida, oilada ayollar va bolalar huquqlari, xotin-qizlarni tazyiq va zo`ravonlikdan himoya qilish tizimi, to`g`risida ishtirokchilarga huquqiy tushuntirishlar berildi.
O`quv kursini yakunlagan trenerlar ishtirokida joylarda adliya bo`limlari xodimlari bilan birgalikda targ`ibot guruhlarini shakllantirilib, xotin-qizlar huquqlariga oid qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini aholiga sodda tilda va tizimli etkazishga qaratilgan targ`ibot tadbirlari amalga oshiriladi",-deya ma`lum qilinadi.






