O`zbekistonda “Deklarasiyalar muloqoti” xalqaro forumi davom etmoqda. Shimoliy Amerika, Evropa, Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarining turli din vakillari, ilohiyotshunoslar, dinshunoslar va huquqshunoslardan iborat delegasiyalari a`zolari 19 may kuni tadbirning asosiy qismini o`tkazish va “Buxoro deklarasiyasi”ni qabul qilish maqsadida qadim kentga etib kelishdi.
Dastlab xorijlik mehmonlar, mutaxassis, ekspertlarga O`zbekiston xalqining boy madaniy va ma`naviy merosi haqida ma`lumot berildi.
Ishtirokchilar forumning dastlabki ikki kunida bo`lib o`tgan ilmiy-amaliy seminarlar natijalarini, Marokash, Jakarta, Potomak, Punto-del-Esteda qabul qilingan avvalgi deklarasiyalar qoidalarini muhokama qilishmoqda. Diniy bag`rikenglikni ta`minlash sohasida tajriba va fikr almashishmoqda.
Jahonda yuz berayotgan bugungi tendensiyalarni hisobga olib, qabul qilinajak “Buxoro deklarasiyasi”ni har tomonlama muhokama qilgan holda, dunyoning turli qit`a, mintaqalaridan kelgan nomdor ilohiyotshunoslar, dinshunos va huquqshunoslar ushbu hujjatda avval qabul qilingan barcha deklarasiyalarning asosiy tamoyillari aks etishiga erishishni ko`zlamoqdalar.
Ayni dam “Buxoro deklarasiyasi”ni ishlab chiqishda turli mamlakatlar keng doiradagi vakillari ishtirok etishi mamlakatimizning e`tiqod erkinligi va diniy bag`rikenglikni ta`minlash sohasidagi siyosati samaradorligi xalqaro hamjamiyat tomonidan e`tirof etilayotganidan dalolat.
Mazkur tashabbus qo`llab-quvvatlanayotgani, forumda taniqli dinshunos olimlar va ilohiyotshunoslar - Butunjahon musulmonlar ligasi (KSA) Bosh kotibining maxsus elchisi Abdul Aziz Sarxon, AQSh Xalqaro e`tiqod erkinligi bo`yicha komissiyasi raisi Nadin Maenza, Argungau (Nigeriya) amirligi amiri Al Hoji Samoil Muhammad Mer, Indoneziya Fanlar akademiyasi Madaniyat ishlari bo`yicha komissiyasi raisi Amin Abdulloh kabi nufuzli mehmonlar ishtirok etayotgani fikrimiz tasdig`idir.
“Buxoro deklarasiyasi” butun jahon hamjamiyati uchun ma`rifat g`oyalari va bag`rikenglik madaniyatini ilgari surish, turli din vakillari milliy an`analarini hurmat qilish, ularning huquqlarini ta`minlash, global miqyosda bunyodkorlik muloqotini mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjat bo`ladi.
Eslatib o`tamiz, ushbu tadbir O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, AQSh Global jalb qilish instituti, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O`zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimiyatlari tomonidan tashkil etilgan. Dasturga ko`ra, 20 may kuni forum ishtirokchilari Buxoroning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishadilar.






