Avval xabar berganimizdek, kuni-kecha Samarqand viloyat Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining bo`lib o`tgan yig`ilishida sohada olib borilayotgan viloyat miqyosidagi ishlar qoniqarli darajada emasligi va bir qator kamchiliklar mavjudligi ta`kidlandi. Tahlillar va o`rganishlar natijasi ham shundan dalolat bermoqda, deya xabar berdi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuotot xizmati.
Statistik ma`lumotlarga ko`ra, viloyatda 2020 yil davomida 176 nafar turli darajadagi mansabdor shaxslar korrupsion jinoyat sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan bo`lsa, 2021 yilda bu raqam 316 nafarni tashkil etgan.
Ularning 23 nafari viloyat, 293 nafari shahar va tuman darajasidagi davlat idoralarining mansabdor shaxslaridir.
Shuningdek, viloyatda fevral oyida 22 ta korrupsiyaviy jinoyat sodir etilgan bo`lsa, mart oyida 27 ta, aprel oyida esa yana ko`payish tendensiyasi davom etib, 35 ta (fevral oyiga nisbatan qariyb ikki barobarga oshgan) korrupsion jinoyat sodir etilgan va bu ko`rsatkich bilan viloyat aprel oyida eng ko`p korrupsiyaviy jinoyat sodir etilgan 5 ta hududdan biri bo`lgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan har oyda viloyatlar miqyosidagi korrupsiyaviy jinoyatlar statistikasi, byudjet mablag`larining talon-toroj qilinishi, aholi murojaatlari va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar kabi ma`lumotlar umumlashtirilgan holda Hududlar va sohalar kesimida korrupsiya darajasini reyting baholash ishlari amalga oshirib kelinmoqda. Ushbu yo`nalishlarda ham, afsuski, Samarqand viloyatining aksariyat ko`rsatkichlari qoniqarli ahvolda emas.
Masalan, “Korrupsiya holatlariga duch kelganmisiz?” mavzusidagi so`rovda “Ha” deb javob bergan aholining foiz miqdori bo`yicha Samarqand (24,4%) yuqori ko`rsatkichga ega uchinchi hudud sanaladi. Shuningdek, viloyat O`zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga aholisi korrupsiya bo`yicha eng ko`p murojaat qilgan (har mingta odamga o`rtacha 52 ta murojaat) beshta hududning biri sifatida qayd etilgan. Aniqroq aytganda, bir oy ichida shunday murojaatlar soni 1072 tani tashkil etgan.
Aprel oyida OAV va ijtimoiy tarmoqlarda korrupsiyaviy huquqbuzarliklar sodir etilayotganlik ehtimoli bo`yicha e`lon qilingan materiallar sonining ko`pligi bo`yicha ham viloyat “etakchi” to`rttalikdan o`rin olgan. Bundan tashqari, mazkur oy davomida 3,2 mlrd so`mlik moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlangan va natijada viloyat byudjet mablag`laridan maqsadsiz foydalanish bilan bog`liq holatlar bo`yicha ham eng ko`p qonunbuzilishi aniqlangan 5 talik safida qayd etilgan.






