Jizzax viloyatining Baxmal tumanida Neksiya haydovchisi harakat vaqtida uxlab qolib, yo`l-transport hodisasiga uchradi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum qilinishicha, voqea joriy yilning 27 may kuni taxminan soat 07:05 atrofida 4R-41 G`allaorol-O`smat avtomobil yo`lining Baxmal tumani hududidan o`tgan 20-kilometrida yuz bergan. Tumanning Fayzobod mahallasida yashovchi, 1998 yilda tug`ilgan haydovchi avtokorxonalardan biriga tegishli Neksiya taksi mashinasi bilan Baxmal-G`allaorol yo`nalishida ketayotib uxlab qolgan va boshqaruvni yo`qotgan.
Shundan so`ng mashina yo`l chetiga chiqib ketib, pastlikka qulagan va bir necha marta ag`darilgan. Hodisa oqibatida haydovchi og`ir tan jarohatlari olib, voqea joyida vafot etgan.






